NIKOH YoShIGA AMAL QILMASLIKNING OQIBATI OGʻIR
Oila jamiyatning kichik bir boʻlagi. Oilalar tinch-osoyishtaligi, sogʻlomligi jamiyatning tinch-osoyishtaligini va totuvligini taʼminlaydi. Shunday ekan, nikoh qurishga hozirlanayotgan yigit-qizlarga oila masʼuliyatini, muqaddasligini, uni asrab-avaylash lozimligini tushuntirish, bu borada ajdodlarimiz hayotidan muhim oʻrin egallagan va bizgacha yetib kelgan urf-odatlarimiz, anʼanalarimizni teran oʻrgatish, ular qalbiga sharqona odob-axloqni chuqur singdirishimiz juda muhim ekanligini anglash qiyin emas.
Mamlakatimizda olib borilgan kuzatuvlar natijasida aniqlanishicha, ajrimlar asosan er-xotin 30 yoshgacha boʻlgan oilalarda sodir boʻlmoqda. Hatto turmush qurgan ilk yillarida ajrashib ketayotgan oilalar bor. Bu yigit-qizning bir-birini yaxshi bilmay, yaqinlarining yoʻrigʻiga koʻra yoki oila haqida maʼlum bilimlarga ega boʻlmay oila qurayotganlarini bildiradi. Albatta, yangidan bunyodga kelayotgan oilalarning mustahkamligi, totuvligi xonadondagi yoshi ulugʻ kishilarga ham koʻp jihatdan bogʻliq. Ular avvalo oʻz hayoti bilan yoshlarga ibrat boʻlmogʻi, qolaversa, turmushning ham qiyinchiliklari, yetishmovchiliklari boʻlishini, bu toʻsiqlarni mustahkam iroda, aql-idrok bilan yengib oʻtish lozimligini erinmay tushuntirishlari maqsadga muvofiqdir.
Shunday ota-onalar ham borki, ular hali nikoh yoshiga yetmagan oʻgʻil-qizini oilali qilishga oshiqadilar. Orzu-havas uchun farzandlarining baxtiga zomin boʻladilar.
Nikoh yoshiga yetmagan, hech bir kasb-hunar, oilaviy hayot haqidagi bilimlarni egallamagan yigitning, qizning baxtli boʻlib keta olishini tasavvur qilish mushkul. Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2013-yil 30-aprel kuni imzolangan "Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq nikoh yoshiga amal qilmaslikka qarshi chora-tadbirlar kuchaytirildi.
G.IShMURATOVA.
(Foto - http://soglom.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶