Barakali xirmon yaratiladi
Qadim-qadimda ham shuhrati jahon kezgan ipaklarimizning dovrugʻi hozirgi davrda yanada oshdi. Qadri-qimmati tobora yuksalayotgan ipaklarimizning birinchi ijodkorlari hech mubolagʻasiz zahmatkash pillakorlarimizdir, albatta. Ular ayni kunlarda ipak qurtlarini agrotexnika qoidalariga muvofiq parvarish qilmoqda. Ilgʻor pillakorlarimizning ipak qurtlari hozirgi kunda besh yoshda. Binobarin, pillakorlarimizning moʻl pilla hosili olishlari uchun hal qiluvchi damlar keldi.
Bu yil bahorning odatdagidan ancha barvaqt kelishi tut daraxtlarini erta uygʻotib, barg yozdirdi. Bu esa pillakorlarimizni barvaqt ishga kirishishga chorladi.
- Bu yil ob-havoni, umuman iqlim muvozanatini ziyraklik bilan kuzatib bordik va tabiat oʻzgarishlariga monand ravishda qadam bosdik. Tumanimiz hududlarida avvaldan tayyorlab qoʻyilgan 16 joydagi inkubatoriyalarga ipak qurtlari urugʻlarini oʻz vaqtida jonlantirish uchun qoʻydik. Mana nihoyat tajribali inkubistlarning saʼy-harakatlari tufayli joriy 2016-yilning 19-aprelidan eʼtiboran joylardagi, yaʼni 378 fermer xoʻjaliklarida mehnat qilayotgan 3564 nafar pillakorlarimizga va "Amudaryo paxta tozalash” AJ mehnat jamoasiga 4462 quti jonlantirilgan ipak qurtlarini tarqatdik. Bu bilan ipak qurti boqish mavsumi boshlandi.
Ipak qurtlarining ozuqa bazasiga toʻxtaladigan boʻlsak, 873 gektar tut plantatsiyalaridagi va qatorlab ekilgan 652 ming tup tut daraxtlarining barg hosili chakki emas. Shuningdek, mart oyida ekilgan 215 ming tup tut koʻchatlari kelgusida ipak qurtlari ozuqa bazasining yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Bu yil ona Vatanga 253 tonna sifatli pilla hosilini yetkazib berib, mustaqilligimizning 25 yillik toʻyiga munosib mehnat sovgʻamizni tayyorlaymiz, - deydi bizga "Mangʻit-pilla” MChJ raisi Sherzod Jumaboyev katta ishonch bilan.
Biz jonkuyar va fidoyi pillakorlarimizning barakali xirmon yaratishlariga tilakdosh boʻlib qolamiz.
Qobul ShOMURODOV.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶