Paxtadan möl hosil olinib, yuksak xirmon yaratildi
Qişloq xöjaligi sohasidagi tinimsiz mehnat va töğri taşkil etilgan agrotexnik tadbirlar har doim özining yuksak samarasini berib kelgan. Joriy 2026-yilgi hosil yiğim-terim mavsumida Amudaryo tumani mirişkorlari ham ana şunday ulkan zafar marrasini zabt etişga muvaffaq böldilar. Tumandagi mavjud 337 ta fermer xöjaligi tomonidan jami 13000 gektar maydonga çigit qadalib, umumiy hisobda esa 64175 tonna "oq oltin" yetiştiriş maqsad qilingan edi. Yerga mehr beriş va halol mehnat natijasida fermer xöjaliklari va qişloq xöjaligi korxonalari kontraktatsiya şartnomasi böyiça zimmasiga olgan rejalarni 16-oktyabr kuniyoq ortiği bilan, yaʼni 100,4 foizga bajarişga erişdilar. Natijada har bir gektar yerdan olingan hosildorlik 49,5 tsentnerni taşkil etib, jami 64430 tonna paxta xirmoni yaratildi.
Yetiştirilgan mazkur boylikni yoğin-soçinli kunlarga qoldirmasdan, nes-nobud qilmay va öz vaqtida yiğib-terib oliş maqsadida tumanda jami 390 ta maxsus terim otryadi taşkil etildi. Uşbu jarayonda texnika qudrati va inson omili uyğunligi taʼminlanib, dalalarga 25 ta yuqori unumdorlikka ega bölgan paxta teriş maşinasi hamda 35800 nafar terimçi jalb qilindi.
Ahamiyatlisi şundaki, haşarçilarning 7000 nafarini bevosita fermer xöjaligi işçilari taşkil qilgan bölsa, qolgan 28800 nafari uyuşmagan aholi vakillaridan iborat köngilli terimçilardir. Mavsum davomida zamonaviy texnikalar va minglab haşarçilarning uzluksiz mehnati evaziga közlangan hosil töliq yiğiştirib olindi.
Öz navbatida, qilingan halol mehnat munosib rağbatlantirildi. Xususan, xizmat körsatgan 25 ta paxta terim maşinasi faoliyati uçun tijorat banklari tomonidan 3 mlrd 440 mln söm miqdoridagi mablağlar tölab berilgan bölsa, dalada ter tökkan 35800 nafar köngilli terimçilarning daromadini taʼminlaş maqsadida ularga jami 30 mlrd söm iş haqi tarqatildi. Bir söz bilan aytganda, Amudaryo tumanida 2026-yilgi paxta mavsumi nafaqat yuqori hosildorlik, balki aholining bandligini taʼminlaş va ularning moddiy farovonligini oşiriş yölidagi muhim iqtisodiy qadam böldi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶