EL OQSOQOLI
"Oq oltin”lik Toʻraboy polvonning toʻngʻich oʻgʻli tugʻilganda uning kelajakda kim boʻlishini hech kim bashorat qilmagan edi. Dehqon oilasida tugʻilgan Toʻraboy polvon va Hayitgul opalarning ana shu moʻminqobil farzandi oʻsib-ulgʻayib, bugungi kunda "el oqsoqoli” degan hurmatli nomga musharraf boʻldi.
Maqolamiz qahramoni Rimboy Oʻrozboyev 1956-yilning 20 mart kuni "Oq oltin” ovulida tugʻildi. 1963-yilda maktabning birinchi sinfiga oʻqishga borib, 1973-yilda 41-sonli maktabning 10-sinfini muvaffaqiyatli tamomladi. 1973-yilda Toshkent davlat chet tillar instituti (hozirgi Jahon tillari universiteti)ga oʻqishga kirdi. Institutda boʻlajak turmush oʻrtogʻi Yangiljon Qozoqova bilan birga oʻqib, 1978-yilda tugatib, turmush qurishdi, yangi turmush va pedagoglik hayotini birga boshlashdi.
1978-yildan boshlab 41-sonli maktabda, 1990-yildan esa 50-sonli maktabda oʻquvchilarga frantsuz tilidan saboq berdi. Til bilgan el biladi, deganlaridek, uning saboqlarini oʻqib-oʻrganib, qanot chiqargan shogirdlari bugungi kunda el tanigan ustozlar boʻlib yetishdilar.
Iqtidorli oʻqituvchining qobiliyatini koʻra bilgan tuman xalq taʼlimi sohasi rahbariyati uni 50-sonli maktabning direktori lavozimiga tayinladi. U direktor boʻlib ishlagan oʻn yil davomida maktabda ilm olish darajasi, oʻquvchilarning tuman, respublika tanlovlarida qatnashish koʻrsatkichi ancha oshdi. Bunga birgina misol – 2010-yilda maktab oʻquvchilarining Oʻzbekiston miqyosida oʻtkazilgan "Qadriyatlar maskanisan, mahallam!” tanlovida faxrli birinchi oʻrinni egallaganini misol qilib keltirish mumkin.
2013-yilda Rimboy Oʻrozboyevning nomzodi "Oq oltin” ovul fuqarolar yigʻini oqsoqolligiga koʻrsatildi va yakdillik bilan saylandi. U oqsoqollik faoliyati davomida ham oʻzining ishchan, fidoyiligi bilan koʻzga tashlandi. El oqsoqoli boʻlish oson emas, albatta. Turmushning barcha jabhalarida faol boʻlishni talab etadi bu vazifa. Faol inson esa bu vazifani bosiq oʻy, teran fikr, oqillik bilan ado etib kelmoqda.
Rimboy Oʻrozboyev turmush oʻrtogʻi Yangiljon Qozoqova bilan birga 5 nafar farzandni oʻqimishli, oqil, el koriga yaraydigan fidoyilar qilib voyaga yetkazishdi, Dilfuza jahon tillari universitetini tugatib, hozirgi kunda 55-sonli maktabda direktor oʻrinbosari lavozimida ishlamoqda. Jahongir Nukus davlat pedagogika institutining geografiya fakultetini bitirdi, Oʻtkirbek tish shifokori va texnik mutaxassisligiga ega, Nodira ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi boʻlib 55-sonli maktabda ishlamoqda. Nafisa 50-sonli maktabda oʻqituvchi, kelini Nodira shu maktabda kotiba, yana bir kelini Nigora ham shu maktabda oʻqituvchi.
Ziyolilar oilasidagi nevaralar – Boburbek, Dinora, Sarvarbek, Diyorbeklar maktabda aʼlo baholarga oʻqishmoqda. Muxlisa, Maftuna, Suhrobbek, Sardorbek, Umarbek, Niginalar – oila tarbiyasida.
Yaqinda hamyurtlari Rimboy Oʻrozboyevning muborak 60 yoshini katta shodiyonalar bilan nishonlashdi. El oqsoqoli hamon tinib-tinchimay el xizmatida. Uning xonadonida boʻlganimizda chiroyli qilib ekilgan tomorqa yerlariga, u yaratgan goʻzal mevali boqqa koʻzimiz tushdi. Bu ishlarda haqiqiy dehqonlar elati – Qilichboydan kelin boʻlib tushgan Yangiljonning ham munosib hissasi bor, albatta.
Mabodo, "Oq oltin”ga yoʻlingiz tushib, bu xonadonga kelsangiz, ikki ziyoli bir boʻlib yaratgan haqiqiy maʼnodagi boqqa koʻzingiz tushadi. Bir keling, koʻrib guvohi boʻlasiz. Zero, yaxshidan bogʻ qoladi, deb bejiz aytishmagan.
Oʻrozali REYIMOV.
Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasining aʼzosi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶