“XALIFALIK” MI Yo XAROBALIK?
Ota-bobolarimizning muqaddas eʼtiqodi boʻlgan islom dini kishilarni hamisha yaxshilikka, ezgulikka, oʻzaro tinch-totuv yashashga chaqirib kelgan. Lekin mevali daraxtga tosh otiladi, deyilganidek, vaqti-vaqti bilan din dushmanlari tarafidan turli boʻhtonlar, igʻvolar toʻqilib, din nomidan qabih ishlar qilina boshlagan. Natijada turli fitnalar urchib, katta-katta janglarga ham aylangan. Tarix bunga guvoh. Hozirgi kunda ham shunday fitnachilarning davomchilari boʻlgan gʻaraz niyatli kimsalar din nomidan qandaydir "xalifalik”ni barpo etishdek puch gʻoyalar bilan odamlarni chalgʻitmoqda. Hatto shu maqsad yoʻlida tinch xalqlar boshiga kulfatlar yogʻdirib, el-u elatlarni xarobozorga aylantirmoqda. Oʻzlaricha "Islom davlati”, "Xalifalikni tiklaymiz” deb jon-jahdi bilan jar solayotgan bu firqani biz "islom dushmani”, "johiliyat davlati” desak ham ularga oʻz bahosini toʻliq bermagan boʻlamiz. Chunki bularning qilayotgan ishlarini agar johiliyat ahli koʻrganida: "ular bizdan emas”, deyishlari turgan gap. Bu firqani biz "shaytoniy davlati” yoki" "shayton askarlari”, desak haqiqatga yaqinroq boʻladi. Sababi, shayton alayhi laʼna islomga qarshi har qanday ishni ham qiladi. Buni shaytonning oʻzi Qurʼoni Karimning Aʼrof surasida: "... albatta, men ularni toʻgʻri yoʻlingda toʻsib oʻtiraman. Soʻngra, ularning oldilaridan, orqalaridan, oʻng tomonlaridan va chap tomonlaridan kelaman. Va ularning koʻplarini shukr qiluvchi holda topmassan”, - degan (16-17 oyatlar).
Oʻsha oqim aʼzolarining qilayotgan ishlari ham shunday. Ular bilan biz eʼtiqod qiladigan muqaddas dinimiz oʻrtasida osmon bilan yercha farq bor. Chunki muqaddas dinimiz qanday amalga buyurgan boʻlsa, ular uning teskarisini qiladi, muqaddas dinimiz qanday amaldan qaytargan boʻlsa, ular shu amallarni qiladi.
Bunday firqalarni yoʻq qilishning eng toʻgʻri yoʻli bu – maʼrifat yoʻlidir. Chunki maʼrifatli kishi hech qachon notoʻgʻri yoʻlga yurmaydi.
Paygʻambar (s.a.v.) aytgan hadislarning biridagi: "Kimki dinni ilmsiz oʻrgansa, oʻzi ham adashadi, birovlarni ham adashtiradi”, degan soʻzlarining bugungi kunimiz uchun ham ahamiyati beqiyosdir.
Islom – bu maʼrifatparvarlik, insonparvarlik dinidir. U oliy axloq, amali solih va ilm-u hikmatni egallashga buyuradi.
Binobarin, qalbida imoni bor har bir jamiyatimiz fuqarosi bunday buzgʻunchi oqimlardan dinimizni himoya qilishi kerak. Insonlarni oʻzaro mehr-oqibat va totuvlikka chorlovchi asl dinimiz taʼlimotlaridan gʻarazli maqsadlari yoʻlida foydalanishlariga aslo qarab turmaslik lozim. Ularning puch gʻoyalariga ergashishga hech bir asos yoʻq.
Ismoil ALLAYaROV,
Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy nomidagi oʻrta maxsus islom bilim yurti talabasi.
(Foto - https://kun.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶