DAʼVO IShLARINI YuRITISh VA ULARNI SUDDA KOʻRISh MUDDATLARI
Umumiy yurisdiktsiya sudidagi fuqarolik ishlarining asosiy qismi daʼvo ishlarini yuritish tartibida koʻriladi. Sudda daʼvo ishlarini yuritish tartibida koʻriladigan ishlarga fuqarolik, mehnatga doir, oilaga doir, uy-joyga doir, agar qonun hujjatlarida koʻrishning oʻzga tartibi belgilangan boʻlmasa, boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan daʼvolar boʻyicha ishlar kiradi.
Daʼvo muayyan ish boʻyicha fuqarolik protsessini qoʻzgʻatishning asosiy vositalaridan biridir. Shuning uchun daʼvo tartibidagi ishlarni oʻrganish bir paytning oʻzida umumiy yurisdiktsiya sudlariga tegishli boʻlgan deyarli barcha ishlarning asosiy qoidalarini tushuntirish va bir paytda axborot olish imkoniyatini beradi.
Protsessual muddatlarning asosiy oʻziga xos jihati shundan iboratki, mazkur muddatlar aynan protsessual harakatlarni amalga oshirish vaqtini belgilaydi. Daʼvo muddatining oʻtishi moddiy huquqning tugatilishiga olib kelmaydi va shaxsni sud orqali himoyalanish huquqidan mahrum etmaydi.
Protsessual muddatlar qonun bilan belgilanadi yoki sud tomonidan tayinlanadi, ishda ishtirok etuvchi shaxslar ham, shuningdek odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashuvchi shaxslar ham oʻz kelishuvlari orqali protsessual muddatlarni oʻzgartirish huquqiga ega boʻlmaydilar. Protsessual harakat fuqarolik protsessual qonunchiligi bilan belgilab qoʻyilgan, ishda ishtirok etuvchi taraflar, fuqarolik ishlarini koʻruvchi sudlar, ayrim hollarda ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan xatti-harakatlardir.
Protsessual muddatlar yillar, oylar va kunlar bilan hisoblanadi, protsessual muddatlar protsessual harakatlar bajarilishi mumkin boʻlgan davr eʼtiborga olinib, aniq kalendar kuni bilan belgilanadi. Muddatning oʻtishi kalendar sananing yoki muddatning boshlanishi deb belgilangan voqea yuz bergan kunning ertasidan boshlanadi. Yillar bilan hisoblanadigan muddat uning oxirgi yilining tegishli oyi va kunida tamom boʻladi. Oylar bilan hisoblanadigan muddat tegishli oyda va muddat oxirgi oyining tegishli kunida tamom boʻladi.
Barcha boʻgʻindagi sudlar va ish boʻyicha ishda ishtirok etuvchi shaxslar protsessual harakatlarni bajarish borasida oʻrnatilgan protsessual muddatlarga qatʼiy rioya qilishlari lozim.
J.ABDIRIMOV,
fuqarolik ishlari boʻyicha tuman sudi devonxona mudiri.
(Foto - http://1news.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶