KUChLI FUQAROLIK JAMIYaTI SARI
Mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida davlat va jamiyat hayotini yanada demokratlashtirish, fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlash yoʻlida islohotlar jarayoni kechmoqda.
Xususan, davlatimiz va hukumatimiz tomonidan fuqarolik jamiyati institutlarining asosiy boʻgʻini hisoblangan mahalla institutiga, oʻzini oʻzi boshqarish organlariga berilgan jiddiy eʼtibor samarali natijalarni bermoqda. Bugungi kunda iqtisodiyotning barcha sohalarida mahallaning oʻrni va roli sezilarli darajada oshib borayapti. Chunki, oʻzini oʻzi boshqarish organlari mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotidagi oʻrni va mavqeini yanada mustahkamlay borib, barcha jarayonlarda olib borilayotgan islohotlarda faol qatnashayotganligi barchamizga maʼlum.
Oʻtgan davr mobaynida mamlakatimizda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan 50 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika Kengashi tomonidan har yili "Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturi” ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Bundan tashqari, Kengash tomonidan fuqarolar yigʻinlari faoliyatiga oid ijobiy tajribalarni ommalashtirishga qaratilgan tanlovlar tashkil etish hamda fuqarolar yigʻinlariga berilgan vakolatlarni keng amaliyotga joriy etishga qaratilgan oʻquv seminarlar oʻtkazish boʻyicha ham muhim qarorlar qabul qilib kelinmoqda. Xususan, Respublika muvofiqlashtiruvchi Kengashining 2015-yil 31-dekabrdagi 2-sonli majlis bayoniga koʻra, respublikamizning barcha tuman va shaharlarida fuqarolar yigʻinlari faoliyatidagi muhim jarayon hisoblangan «Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida tuman (shahar) ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari hamda fuqarolar yigʻinlari xodimlarining choraklik hisobotlarini eshitishni tashkil etish va oʻtkazishning tartib-tamoyillari» mavzusidagi oʻquv seminarini oʻtkazish belgilangan edi.
Joriy yilning 2-mart kuni tumanimizda shu mavzuda oʻquv seminari va namunali hisobot yigʻilishi oʻtkazildi.
Mazkur oʻquv seminarga hokim oʻrinbosarlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha tuman Kengashi aʼzolari, tumandagi davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, barcha fuqarolar yigʻinlari raislari va masʼul kotiblari, OAV vakillari hamda sohaning faol ekspertlari taklif etildi.
Seminarda belgilangan dasturga asosan fuqarolar yigʻinlarida choraklik hisobot yigʻilishlarini oʻtkazish va unda tuman (shahar) ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari hamda fuqarolar yigʻinlari xodimlarining fuqarolar yigʻini faoliyatiga oid masalalar yuzasidan choraklik hisobotlarini eshitish tartib-tamoyillariga bagʻishlangan maʼruzalari tinglandi.
Maʼruzalar orqali seminar ishtirokchilariga fuqarolar yigʻinlarida hisobot beruvchi masʼullarning hisobot berish majburiyligi, uni tayyorlash va hisobotni eshitish jarayonidagi tashkiliy ishlar, hisobot yigʻilishlarini rasmiylashtirish hamda ularni tegishli boshqaruv idoralariga yuborish, uning natijalarini oʻrganish tartib-qoidalari boʻyicha tavsiyalar berildi.
Qizgʻin bahs-munozaralarga boy tarzda oʻtkazilgan seminarda sohadagi nazariyotchi ekspertlarning fikr-mulohazalari va tajribali mahalla faollarining amaliy takliflari asosida fuqarolar yigʻinlarida tizimli ravishda hisobot yigʻilishlarini oʻtkazib borish borasida erishilgan yutuqlar hamda kamchiliklar muhokama etildi. Kelgusida ushbu tartibga toʻla rioya etish orqali erishiladigan natijalar misollar orqali tushuntirib oʻtildi.
Shundan soʻng, tuman hokimining birinchi oʻrinbosari tomonidan "Yangiobod” mahalla fuqarolar yigʻini vakillar yigʻilishiga hisobot taqdim etish boʻyicha namunali yigʻilish oʻtkazildi.
Mazkur namunali yigʻilishda seminar ishtirokchilari hamda "Yangiobod” mahalla fuqarolar yigʻinidan saylangan vakillar ishtirok etishdi.
Tuman hokimining birinchi oʻrinbosari vakillar oldidagi hisobotida fuqarolar yigʻini hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan amaliy tadbirlar, xususan, hududni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va sanitariya holatini yaxshilash, aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj, kam daromadli qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyati subʼektlarini tashkil etish va ularni rivojlantirish, hududdagi aholining, ayniqsa, kollej bitiruvchilarining bandligini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar, kommunal xizmat koʻrsatish tashkilotlari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlarning sifati hamda hududdagi dehqon va fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha olib borilayotgan faoliyat aniq raqamlarda aks ettirildi.
Tuman hokimining birinchi oʻrinbosari hisobotida bayon etilgan tadbirlar yuzasidan mahalla fuqarolar yigʻini vakillari oʻz munosabatlarini bildirdilar.
Shuningdek, vakillar tomonidan hududdagi ayrim muammo va kamchiliklar boʻyicha tuman hokimining birinchi oʻrinbosariga hamda boshqa davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlariga bir qator taklif va tavsiyalar bildirib oʻtildi.
Tuman hokimining hisobotini eshitish orqali fuqarolar tumanda aholi turmush farovonligini oshirish boʻyicha olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida atroflicha maʼlumotlarga ega boʻldilar.
Qizgʻin bahs-munozaralarga boy tarzda oʻtkazilgan seminar va hisobot yigʻilishida kelgusida ham fuqarolar yigʻinlarining jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi bu kabi yigʻilishlarni tizimli ravishda oʻtkazib borish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
Tuman hokimligining
axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶