SOLIQ TIZIMI: IMTIYoZLAR TADBIRKORLIKKA KENG YOʻL OChADI
2014-yil 4 dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi Qarori qabul qilinib, unda soliq-byudjet siyosatining 2015-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari belgilab berildi.
Ushbu Qarorda belgilangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar stavkalaridagi asosiy oʻzgarishlar iqtisodiyotda soliq yukini pasaytirishga, soliqlarni ijtimoiy yoʻnaltirishga va soliqqa tortish mexanizmini soddalashtirishga qaratilgan-ligi bilan ahamiyatlidir.
Qaror bilan yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻining bazaviy stavkasi 2014-yildagi soliq stavkasiga nisbatan 0,5 foizli punktga pasaytirilib, 8 foiz oʻrniga 2015-yil uchun 7,5 foiz qilib belgilandi. Xuddi shu soliq stavkasi 2000-yilda 31 foizni tashkil etgan edi.
Qurilish industriyasini yanada rivojlantirish va unga keng yoʻl ochish maqsadida, qurilish faoliyati bilan shugʻullanayotgan mikrofirma va kichik korxonalar uchun yagona soliq toʻlovi stavkasi 2015-yil 1-yanvardan boshlab 1 foizli punktga, yaʼni 2014-yildagi 6 foiz oʻrniga 5 foizga kamaytirildi.
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini hisoblash 2014-yilda "0” darajali stavka nazarda tutilmay, 3 pogʻonali soliq stavkalari qoʻllanilgan boʻlsa, 2015-yil 1-yanvardan boshlab eng kam ish haqining bir baravarigacha "0”darajali stavkani nazarda tutib, 4 pogʻonali soliq stavkalarini qoʻllash tartibi joriy etildi.
Soliq toʻlovchilarga imkoniyat yaratish maqsadida soliq hisob-lash 2015-yil 1-yanvaridan amalda boʻlgan eng kam ish haqi miqdori, yaʼni 118400 soʻmdan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi va yil davomida eng kam ish haqi miqdori oʻzgargan taqdirda qayta koʻrib chiqilmasligi belgilab qoʻyildi.
Maishiy xizmatlar boʻlgan sartaroshlik, manikyur, pedikyur, kosmetologiya va boshqa shunga oʻxshash xizmatlar bilan shugʻullanuvchi yakka tartibdagi (shu jumladan, oilaviy) tadbirkorlarga qatʼiy belgilangan soliq stavkalari faoliyatining amalga oshiriladigan joyiga qarab 2015-yilning 1 yanvaridan boshlab 2014-yilga nisbatan eng kam ish haqining 0,5 baravari miqdorida pasaytirildi.
Bundan tashqari, qatʼiy belgilangan soliq toʻlovchilarning barcha toifalari uchun qatʼiy belgilangan soliq stavkasi yil boshiga belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqib aniqlanadi va yil davomida eng kam ish haqi miqdori oʻzgargan taqdirda ham qayta koʻrib chiqilmasligi belgilandi.
Mikrofirmalar, kichik korxonalar hamda fermer xoʻjaliklari uchun yagona ijtimoiy toʻlov stavkasi mehnatga haq toʻlash fondiga nisbatan 2014-yilda amalda boʻlgan 25 foiz oʻrniga 2015-yil 1-yanvardan 15 foiz miqdorida belgilanishi, ularga soliq yukining sezilarli pasaytirilishini taʼminlaydi.
Bundan tashqari, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari kollejni tamomlagandan keyin oʻn ikki oy ichida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtgan taqdirda, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtgan sanadan eʼtiboran qatʼiy belgilangan soliqni toʻlashdan olti oy muddatga ozod etilishi belgilandi. Agar yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtilgan paytdan boshlab kollej birtiruvchisi oʻn ikki oy ichida faoliyatini tugatsa, qatʼiy belgilangan soliq faoliyat amalga oshirilgan butun davr uchun toʻlanishi belgilab qoʻyildi.
Shubhasiz, 2015-yilning soliq siyosatida belgilangan imtiyozlar tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga yanada keng yoʻl ochib beradi.
Rasulbek
ShERLIYeV, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning boʻlim katta inspektori.
Rustam SOBIROV, Departamentning tuman boʻlimi surishtiruvchisi.
Maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi
Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini
qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan loyiha doirasida tayyorlandi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶