ORASTALIK OSTONADAN BOShLANADI
Tumanimizning ovul va mahallalarini kezsangiz, biri-biridan chiroyli manzaralarga guvoh boʻlasiz. Turli mevali, manzarali daraxtlar, gullar bilan bezangan hovlilar shu yerda umrguzaronlik qilayotgan odamlarning didi va mehnatsevarligidan dalolat berib turganday. Axir bizning hududlarimizda koʻchat undirib kamolga yetkazish ancha mashaqqatli ish. Buning ustiga nihollarni toʻgʻri kelganicha emas, tartib bilan har biri oʻziga xos uslubda joylashtirilgan, chor-atrofga fayz bagʻishlab turgan daraxtlarni koʻrgan odamning bahri-dili ochilib ketadi. Beixtiyor shularni bunyod etgan insonga tashakkur aytging keladi, odamning.
Yaxshilikka, goʻzallikka intilib yashash xalqimizning azaliy odatlaridandir. Shu boisdan-da orasta, saranjom-sarishta xonadon bekalari, qizlari, kelinlari koʻpchilikka ibrat qilib koʻrsatiladi. Qizlarning yaxshi xislatlari haqida gap ketganida, albatta ozodaligi, uquvliligi, chevarligi inobatga olinadi. Aynan shunday xislatlarga ega boʻlib tarbiyalanayotgan qizlar yashaydigan hovlilar sirtidanoq bilinib turadi: hovlisi oldi supurilib, suv sepilgan, toza, orasta, daraxtlar tagidagi xas-xazonlar olinib, begona oʻtlardan tozalangan, fayzli boʻladi. Orastalik ostonadan boshlanadi, deganlari bejiz emas.
Xalqimiz asrlar davomida oʻz farzandlariga ozodalik, orastalik kabi xislatlarni singdirib, qadriyat darajasida ulugʻlab kelishgan. Boisi, oʻz-oʻzini hurmat qilgan odam oʻz yashash joyini xushhavo, toza va obodon saqlashi tabiiy. Tozalik, sogʻlom turmush tarziga, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish avvalo oʻz sogʻligimiz garovi, qolaversa, maʼnaviy tarbiya vositasi hamdir. Chunki bu oiladagi farzandlar uchun oʻz-oʻziga, oilasidagilar oldida maʼlum maʼnoda javobgarlik hissini tarbiyalaydi. Farzandlarning hovli-joyi obodonligi, ozodaligi uchun birgalikda qilgan mehnati bir-biri bilan hamjihatligini, mehr-oqibatini taʼminlaydi, oʻz mehnatlaridan zavqlanish hissini uygʻotadi. Sarishtali uy – farishtali uy, deyilishi ham shuning uchundir, ehtimol?
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶