BUNDAY DIYoR QAYDA BOR!
Inson yoshi ulgʻaygan sari bosib oʻtgan hayot yoʻlining sarhisobini qilib, oʻzi guvoh boʻlgan voqea-hodisalarni tez-tez xotirlayverarkan. Shuning uchun aytsalar kerak-da, keksalik – inson umrining eng haqqoniy xulosalar chiqaradigan pallasi, deb.
Mening bolalik davrim Ikkinchi jahon urushidan oldingi qatagʻon yillarida kechgan. Har kuni bir shum xabar eshitib, yuragimiz bezillardi. Goh yon qoʻshnimizni, goh oʻqituvchilarimizni yoki ovul-elatning biron bir obroʻ-eʼtiborli kishilarini qamoqqa olishardi. Birga oʻynaydigan joʻralarimning koʻpchiligi bir kunda "xalq dushmanining oʻgʻli”ga aylanib qolib, kamsitilganlariga guvohman.
Oʻtgan umr yoʻllarimizning achchiq sahifalari koʻp boʻlgan. Urush va tiklanish yillaridagi xalq chekkan azob-uqubatlar, iqtisodi tamoman oʻtirib qolgan sovet davlatining shahar-u qishloqlarida ahvol juda ogʻir edi.
Men oʻzim hayotimda yuz, balki ming bora guvoh boʻlgan voqealarni koʻz oldimga keltirib, mustaqil Oʻzbekistonimizning bugungi tarraqqiyotini, rivojlanish surʼatini tom maʼnoda moʻʼjiza degim kelaveradi. Mamlakatimiz dunyoning iqtisodiyoti tez rivojlanayotgan davlatlari reytingida 5-oʻrinni egallaganining oʻzi mustaqil Oʻzbekistonimizning porloq ke-lajagidan yaqqol dalolatdir. Eng quvonarlisi shundaki, ijtimoiy tadqiqotlar natijasiga koʻra "Butunjahon baxt indeksi”da Vatanimiz 158 ta mamlakat orasida 44-pogʻonani, MDH mamlakatlari orasida esa faxrli 1-oʻrinni egallab turgani istiqlol sharofati bilan yurtimizda inson omiliga berilayotgan eʼtibor, uning har tomonlama baxtli yashashi uchun yaratilayotgan sharoitlarning ifodasidir.
Men salkam 90 yoshdaman. Umrim bino boʻlib, hayotimizning barcha jabhalarida buningdek oʻzgarish va rivojlanishni koʻrmaganman. Kun sayin qiyofasi oʻzgarib, goʻzallashib borayotgan ovullar, moʻl-koʻl rizq-nasibamizni koʻksida tutib, hosildan toʻlishayotgan dalalar, oilalardagi toʻkinlik, fayz-baraka, keksa-yu yosh, turli millat vakillarining davlat gʻamxoʻrligidan bahramand, osoyishta, tinch-totuv yashayotganini koʻrib, shunday zaminda tugʻilganimdan, shunday Vatanga farzand ekanligimdan koʻksim gʻurur va iftixorga toʻladi.
Zamini, havolari oʻzgacha, mehnatkash va fidoyi, mehmondoʻst xalqi oʻzgacha, urf-u odati, maʼnaviyati va madaniyati oʻzgacha, betakror va goʻzal Vatanim bi-an hamisha faxrlanaman. Ana shu faxr va iftixor tuygʻulari ila baralla aytaman:
- Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – Oʻzbekistonim!
Safarboy ShOMURODOV, faxriy jurnalist.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶