ISTEʼMOLChILAR HUQUQI — QONUN HIMOYaSIDA
15-mart — Butunjahon isteʼmolchilar huquqlari kuni munosabati bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi tomonidan matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda isteʼmolchilar huquqlarini taʼminlash, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, murojaatlar bilan ishlash samaradorligi kabi yoʻnalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan atroflicha maʼlumotlar berildi. Tadbir isteʼmolchilar manfaatlarini himoya qilish masalasi bugungi kunda ham dolzarb ahamiyat kasb etayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Mamlakatimizda Butunjahon isteʼmolchilar huquqlari kuni 1996-yil 26-aprelda qabul qilingan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonun asosida nishonlanib kelinmoqda. Shuningdek, 2002-yil 28-noyabrda Vazirlar Mahkamasining isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirishga qaratilgan maxsus qarori qabul qilinib, bu sohadagi ishlar yanada tizimli yoʻlga qoʻyildi.
Matbuot anjumanida taʼkidlanganidek, har bir isteʼmolchi oʻzining buzilgan huquqlari yoki qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlari himoya qilinishini soʻrab sudga, shuningdek, boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat qilish huquqiga ega. Isteʼmolchilar huquqlarining davlat tomonidan himoya qilinishi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, sudlar tomonidan taʼminlanadi. Bu esa fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi, shahar va tuman jamiyatlari tomonidan oʻtgan davr mobaynida qator amaliy ishlar olib borilgan. Xususan, “Yuksak isteʼmol madaniyati sari”, “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishda qonun ustuvorligi” kabi mavzularda davra suhbatlari tashkil etildi. Shuningdek, “Biz barchamiz – isteʼmolchimiz”, “Isteʼmolchilar huquqi – qonun himoyasida” mavzularida targʻibot tadbirlari oʻtkazilib, aholiga qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini yetkazishga alohida eʼtibor qaratildi.
Keltirilgan raqamlar ham bu yoʻnalishdagi ishlar koʻlamini yaqqol koʻrsatadi. 2025-yil davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Federatsiyasi, shahar va tuman jamiyatlariga Bosh prokuraturaning ishonch telefoni orqali 3 ta, Federatsiya markaziy apparatining 10 91 ishonch telefoni orqali 113 ta, Telegram-bot orqali 4 ta hamda toʻgʻridan-toʻgʻri 351 ta murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlarni koʻrib chiqish va ijobiy hal etish natijasida isteʼmolchilar foydasiga jami 658 million soʻmdan ortiq moddiy zarar undirib berilgan.
Shu bilan birga, oʻtgan yil davomida aholining huquqiy ongi va isteʼmol madaniyatini yuksaltirish, fuqarolar manfaatlarini samarali himoya qilish maqsadida jamoatchilik nazorati tartibida Qoraqalpogʻiston hududida jami 12-marta oʻrganish ishlari amalga oshirildi. Ushbu oʻrganishlar natijalari boʻyicha tegishli maʼlumotlar mahalliy hokimliklarga, nazorat qiluvchi organlarga hamda Federatsiya markaziy apparatiga kiritilgan. Bundan tashqari, Federatsiya hamda uning hududiy tuzilmalari tomonidan bajarilgan ishlar markaziy va mahalliy ijtimoiy tarmoqlarda, shuningdek, Federatsiyaning rasmiy saytida muntazam yoritib borilgan.
Joriy yilda ham bu boradagi ishlar izchil davom etmoqda. 2026-yil yanvar-fevral oylari davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Federatsiyasi hamda shahar va tuman jamiyatlariga isteʼmolchilardan jami 66 ta murojaat kelib tushgan. Mazkur murojaatlarning 36 foizi savdo sohasiga, 9 foizi gaz taʼminotiga, 10 foizi sogʻliqni saqlashga, 9 foizi transportga, 24,2 foizi esa boshqa sohalarga toʻgʻri kelgan. Ushbu murojaatlarni hal etish natijasida isteʼmolchilar foydasiga jami 80 million 104 ming 220 soʻmlik zarar qayta hisoblab berilgan.
Matbuot anjumanida bildirilgan maʼlumotlar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish borasida Qoraqalpogʻistonda muayyan tizim shakllanganini, fuqarolarning murojaatlari eʼtibordan chetda qolmayotganini koʻrsatdi. Eng muhimi, aholining huquqiy savodxonligi va isteʼmol madaniyatini oshirishga qaratilgan targʻibot ishlari izchil davom etmoqda. Zero, har bir fuqaro oʻz huquqini bilsa va uni himoya qilish yoʻllaridan xabardor boʻlsa, jamiyatda qonuniylik, adolat va masʼuliyat muhiti yanada mustahkamlanadi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶