“Vatanparvarlik oyligi” doirasida maktabgacha taʼlimda innovatsion yondashuvlar va tajriba almashishga qaratilgan seminar tashkil etildi
Bugungi kunda yosh avlodni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalash, ularda Vatanga boʻlgan muhabbat va sadoqat tuygʻularini shakllantirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sanaladi. Ayniqsa, maktabgacha taʼlim bosqichida bolalarning maʼnaviy va intellektual rivojlanishi uchun zamonaviy yondashuvlarni qoʻllash tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu maqsadda “Vatanparvarlik oyligi” doirasida Amudaryo tumani Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tomonidan seminar tashkil etildi. Seminardan koʻzlangan maqsad tarbiyachilar va pedagoglarning tajriba almashishlari uchun sharoit yaratish hamda yangi innovatsion usullarni amaliyotga joriy etishdir.
Amudaryo tumani Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi rejasi asosida Toʻlqin ovulidagi 31-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida oʻtkazilgan mazkur seminar maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktorlari va tarbiyachilar uchun chinakam tajriba almashish maydoniga aylanib, taʼlim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish yoʻlida muhim ahamiyat kasb etdi.
Seminarga tumandagi 15ta maktabgacha taʼlim tashkilotining direktorlari va tarbiyachilari jalb qilindi. Tadbirni Amudaryo tumani Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi metodisti Shahnoza Qilichova ochib berdi. Taʼkidlanganidek, “Vatanparvarlik oyligi” doirasida tashkil etilayotgan ushbu seminar tarbiyachilarning kasbiy malakasini oshirish va tarbiyalanuvchilarga innovatsion taʼlim berish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, bolalarda vatanparvarlik tuygʻularini shakllantirish jamiyatning maʼnaviy rivojlanishiga xizmat qiladi.
Seminar davomida tarbiyachi va pedagoglar kichik guruhlarga boʻlinib, mashgʻulot jarayonlarini kuzatishdi va faol fikr almashishdi. Mashgʻulotlarda tarbiyachilar tomonidan interaktiv usullar va zamonaviy pedagogik yondashuvlar namoyish etildi. Xususan, tayyorlov guruhi tarbiyachisi Sohiba Urazaqovaning “Vatan himoyachilari kuni” mavzusidagi darsi bolajonlar qalbida vatanparvarlik va sadoqat tuygʻularini shakllantirishda samarali boʻldi. Ishtirokchilar tomonidan uning ijodkorlik bilan yondashgan usullari yuqori baholandi.
Katta guruh tarbiyachisi Surayyo Tangirbergenova, oʻrta guruh tarbiyachilari Mavluda Otajonova va Munavvar Sobirova hamda kichik guruh tarbiyachisi Manzura Shukurillayeva tomonidan oʻtkazilgan mashgʻulotlar ham taʼlim jarayoniga innovatsion yondashuvlarni olib kirishda muvaffaqiyatli boʻldi. Bu darslarda tarbiyalanuvchilarning ijodiy va intellektual rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar taqdim etildi.
Mashgʻulotlardan soʻng yutuqlar va kamchiliklar tahlil qilindi. Jumladan, 23-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori Zaynab Ernapasova va 24-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori Munavvar Toʻrayeva seminarni yanada samarali oʻtkazish boʻyicha oʻz tavsiyalarini bildirishdi. Bu kabi tadbirlar nafaqat tarbiyachilarning malakasini oshiradi, balki taʼlim jarayonida bolalarning individual qobiliyatlarini aniqlash va rivojlantirishda muhim rol oʻynashi taʼkidlandi.
Seminarda muhokama qilingan uslublar va taklif etilgan tajribalarni boshqa hududlardagi maktabgacha taʼlim tashkilotlariga tatbiq etish amaliyotni yanada takomillashtiradi. Qayd etilganidek, bunday tadbirlar bolalarni barkamol avlod sifatida tarbiyalash va zamonaviy taʼlim tizimini shakllantirishda muhim oʻrin tutadi. Davlat va jamiyatning oʻzaro hamkorligi esa ushbu jarayonda asosiy omil boʻlib qoladi.
Maʼlumot oʻrnida, seminar tashkil etilgan 31-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti binosi 1990-yilda qurilgan boʻlib, 2018-yilda rekonstruktsiya qilingan. Bugungi kunda mazkur muassasa 150 nafar tarbiyalanuvchiga sifatli taʼlim-tarbiya berib kelmoqda.
Mazkur seminar maktabgacha taʼlim tizimining yangi imkoniyatlarini ochib berish va pedagoglarning kasbiy malakasini oshirishga xizmat qildi. Taʼlim jarayonida bolalarning qobiliyatlarini rivojlantirish uchun innovatsion usullarni qoʻllash zaruriyati yana bir bor tasdiqlandi. Bunday tadbirlar nafaqat taʼlim sifatini oshiradi, balki yosh avlodni barkamol insonlar sifatida shakllantirishga, jamiyatning maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotiga ham ulkan hissa qoʻshadi. Kelgusida bunday seminarlarni davom ettirish, yutuqlarni mustahkamlash va boshqa hududlarga tatbiq etish maktabgacha taʼlim tizimining zamonaviy talablariga javob beradigan darajada rivojlanishiga zamin yaratadi.
Shohzod Qurbonboyev

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶