Qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilganining 35 yilligi keng nishonlandi
1989-yil 1-dekabr kuni qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilgan boʻlib, bu yil ushbu sanaga 35-yil toʻlmoqda. Sana munosabati bilan Respublika boʻylab keng koʻlamli bayram tadbirlari, qoraqalpoq tili va adabiyoti kechalari tashkil etilib, bayram koʻtarinki ruhda nishonlandi.
Amudaryo tumanida ham ushbu sana munosabati bilan katta bayram tadbiri tashkil etildi. Tuman Madaniyat boʻlimida oʻtkazilgan tadbir avvalida Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.
Tadbirda tuman hokimining birinchi oʻrinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish boʻlimi boshligʻi Fahriddin Yusupov soʻzga chiqib, oʻz milliy tilimizning qudratini, uning boy madaniyatini va asrlar davomida saqlanib kelgan qadriyatlarini ulugʻlab, ularni asrab-avaylash har birimizning burchimiz ekanligini taʼkidladi hamda uning rivoji yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar haqida toʻxtalib, barchani bayram bilan tabrikladi.
Fahriddin Yusupov oʻz nutqida qoraqalpoq tili — bu nafaqat ona tilimiz, balki unda katta tarix, ulugʻ ajdodlarimizdan, ota-bobolarimizdan bizga oʻtgan ulkan meros mujassamlanganini, qoraqalpoq tili oʻzining qudrati bilan millatimizning madaniyati, tarixiy tajribasi va dunyoqarashini aks ettirishini, u har bir soʻzi, har bir iborasi orqali xalqimizning ruhini, maʼnaviy qadriyatlarini namoyon qilishini taʼkidladi. Shuningdek, bugun tumanimizda qoraqalpoq tilining ravnaqi va taraqqiyoti uchun fidokorona harakat qilayotgan barcha muallimlar, tadqiqotchilar va tilimizga gʻamxoʻrlik koʻrsatgan har bir insonga chuqur minnatdorchilik bildirdi.
Darhaqiqat, har birimiz oʻz tilimizga boʻlgan muhabbatimizni yanada mustahkamlash, uning yordamida kelajak avlodga sof, boy va qudratli tilni meros qoldirish uchun oʻz hissamizni qoʻshishimiz lozim.
Bayram tadbiri tuman Madaniyat boʻlimi xonandalari ijrosidagi betakror kuy-qoʻshiqlar bilan davom etdi. Tumanimizning umidli ijodkorlari oʻzbek va qoraqlpoq tillarida Vatan, tinchlik, doʻstlikni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar ijro etdilar.
Qayd erish joizki, qoraqalpoq tili turkiy tillar oilasining qipchoq guruhiga kiradi. U qozoq hamda noʻgʻoy tillariga yaqin. Tilda shimoli-sharqiy va janubi-gʻarbiy lahjalar bor. Bugungi kunda 500 ming kishidan koʻproq aholi qoraqalpoq tilida muloqot qiladi. Qoraqalpoq yozuvi 1928-yilgacha arab alifbosi asosida yozilgan boʻlsa, keyinchalik lotin alifbosiga oʻtilgan. 1940-yilda kirill yozuvi joriy qilingan boʻlsa, 1994-yilda lotin alifbosi asosidagi yozuv qoidalari ishlab chiqilgan.
Taʼkilash kerakki, bugungi kunda qoraqalpoq tilini rivojlantirish, uni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan koʻplab samarali ishlarning amalga oshirilayotganiga barcha jabhalarda guvoh boʻlish mumkin. Kelajakda har birimiz qoraqalpoq tilini nafaqat mamlakatimizda, balki dunyoning boshqa mamlakatlarida ham eʼtirof etilgan, oʻrganilgan va qadrlangan tilga aylantirishga intilishimiz lozim.
Aziz yurtdoshlar, qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilganining 35 yillik bayrami barchangizga muborak boʻlsin! Qoraqalpoq tiliga boʻlgan muhabbatimiz abadiy boʻlsin!
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶