YuRT TINChLIGI VA XALQ OSOYIShTALIGINI TAʼMINLASh YOʻLIDA
2006-yil 6-dekabrda qabul qilingan Qonun bilan 25-oktyabr mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlari xodimlari kuni etib belgilangan edi. Shundan buyon ushbu sana yurt tinchligi va xavfsizligini saqlash, jamiyatning barqarorligi, jamoat tartibi va qonun ustuvorligini taʼminlashni oʻz oldilariga maqsad qilib qoʻygan soha xodimlarining kasb bayrami sifatida keng nishonlab kelinmoqda.
Soʻnggi yillarda davlatimiz rahbari boshchiligida ichki ishlar organlarini chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirish, aholi uchun barcha shahar va qishloqlarda xavfsiz yashash va mehnat sharoitini yaratish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirildi va bu boradagi islohotlar davom etmoqda.
Amudaryo tumani Ichki ishlar boʻlimi xodimlari ham fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilik va terrorizmga, odam savdosiga qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning sabablarini va sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish borasida samarali ishlarni amalga oshirib kelmoqdalar.
Shuningdek, boʻlim xodimlari huquqbuzarliklarni sodir etishga moyil shaxslarni aniqlash va ular bilan tizimli ishlash, jinoiy jazoni va jinoiy-huquqiy taʼsir koʻrsatishning boshqa choralarini ijro etish, maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish, yoʻl harakati xavfsizligini, pasport tizimi talablarining bajarilishini taʼminlash hamda oʻz vakolatlariga kiruvchi boshqa masalalar boʻyicha xizmat burchlari hamda vazifalarini vijdonan bajarib kelmoqdalar.
Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida tuman hududida jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish maqsadida 38 ming 76 ta xonadonlar oʻrganilib, huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori boʻlgan 1 ming 572 nafar shaxslar bilan ijtimoiy-profilaktik tadbirlar oʻtkazish boʻyicha “Mahalla yettiliklari”ga xulosalar taqdim etildi. Ushbu davrda oʻtkazilgan “Profilaktika kuni” tadbirlari davomida 146 ta jinoyatlar muhokama qilinib, mahalla faollari tomonidan 1 ming 218 nafar ijtimoiy profilaktika obʼekti boʻlgan shaxslarning muammolarini ijobiy hal etish choralari koʻrildi. 1 ming 239 nafar shaxslar profilaktik hisobga olinib, ular bilan yakka tartibdaga profilaktik ishlar olib borildi.
Huquqbuzarlik sodir qilgan 6 ming 679 nafar shaxslarga maʼmuriy choralar koʻrildi. Spirtli ichimlikka ruju qoʻygan shaxslar va ruhiy kasallar davolanishga yotqizildi. Qolaversa, bosim va zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlarga himoya orderlari berilib, probatsiya nazoratidagi shaxslarning sud tomonidan belgilangan jazolarini oʻtashi taʼminlandi. Oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jinoyat sodir etib, qidiruvda boʻlgan 16 nafar shaxs ushlandi, giyohvandlik va psixotrop moddalarni noqonuniy sotish bilan bogʻliq 3 ta jinoyatlar fosh etildi.
Amalga oshirilgan samarali profilaktik ishlar natijasida tumandagi 26 ta mahalla jinoyatchilikdan holi hududga yaʼni “yashil” toifaga kiritilib, ushbu mahallalarda birorta jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi. Oʻtgan yilning shu davriga nisbatan oldini olish mumkin boʻlgan, firibgarlik, nomusga tegish, badanga ogʻir tan jarohati yetkazish, yengil tan jarohati yetkazish kabi jinoyatlarning kamayishiga erishildi.
Biometrik pasport oʻrniga joriy etilgan identifikatsiya ID kartalarini olish va almashtirish boʻyicha murojaat qilgan 14 ming 766 nafar fuqarolarga ID kartalar rasmiylashtirilib berildi. 1 ming 953 nafar fuqarolarning maʼlumotlari qabul qilinib, ularga xorijga chiqish biometrik pasportlari rasmiylashtirilib berildi. Fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasining amal qilish muddati tugagan 37 nafar shaxslarning murojaatlari boʻyicha ularga guvohnomalar rasmiylashtirib berildi. Bundan tashqari, 65 nafar chet el fuqarolari Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasining amal qilish muddati tugaganligi sababli ularning murojaatlari ham qonuniy oʻrganib chiqilib toʻliq qanoatlantirildi.
Tumanimizdagi 3-sektorga 12 ta shaharcha, ovul va mahallalar kiritilgan boʻlib, jami aholi soni 54 ming 105 kishini tashkil qiladi. Muhtaram Prezidentimizning “Har bir rahbar faqat xizmat xonasida oʻtirmasdan, joylarga borib, aholini bezovta qilayotgan eng dolzarb masalalarning amaliy yechimi bilan shugʻullanishi, xalq bilan yaqindan muloqot qilib, uning dardu tashvishlari, hayotiy muammolarini samarali hal etish boʻyicha yangicha qarash bilan faoliyat olib borishi lozim” degan gʻoyasi sektor faoliyatining asosiy mezoniga aylandi.
Joriy yil boshidan joylarda 52 ta sayyor qabul oʻtkazildi. Ushbu sayyor qabullarda jami 250 ta murojaatlar kelib tushdi va ularning 210 tasi qanoatlantirilib, 19 nafar murojaat qilgan shaxslarga tushuntirishlar berildi.
“Bandlik” dasturiga muvofiq yil boshidan shu kunga qadar 173 nafar fuqarolar ishga joylashtirildi. 2-marta boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi tashkil qilinib, 26 nafar fuqarolar kasbga oʻqitildi.
Sektor rahbariyati tomonidan hududlarda ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy himoya qilish, yoshlar, xotin-qizlar bilan tizimli ravishda ishlashish boʻyicha ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda tuman Ichki ishlar boʻlimi xodimlari nafaqat tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, balki xalq farovonligini taʼminlash, mamlakat taraqqiyotiga hissa qoʻshishdek xayrli ishlarda ham jonbozlik koʻrsatmoqdalar. Faoliyatimizning asosiy printsiplari qonuniylik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda hurmat qilish, ochiqlik va shaffoflikdan iborat.
Fursatdan foydalanib, barcha hamkasblarimizni, tuman Ichki ishlar boʻlimi shaxsiy tarkibini, soha fahriylarini hamda xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok boʻlgan xodimlarning oila aʼzolarini kasb bayramimiz – Ichki ishlar idoralari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, ularning yurt tinchligi va xalq osoyishtaligini taʼminlashdek mashaqqatli va sharafli ishlarida omad yor boʻlishini tilayman!
Muxammetali Xojamuratov, Amudaryo tumani Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi, podpolkovnik

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶