Grant loyihasi doirasida sahnalashtirilgan spektakl huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga namoyish qilindi
“Jayxun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkilotining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan grant loyihasi doirasida Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrida “Davr dardi” nomli spektakl sahnalashtirilgan edi. Loyiha ish rejasiga muvofiq mazkur sahna asari prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun namoyish qilindi.
Korruptsiyaning davlat va jamiyat taraqqiyotiga salbiy taʼsiri va poraxoʻr hamda taʼmagir insonlarning taqdiri qanchalik ayanchli tugashi hayotiy misollar orqali ifoda etilgan mazkur sahna asari Bayjan Uzaqov stsenariysi asosida rejissyor Mars Nuratdinov tomonidan sahnalashtirilgan.
Spektaklda oliy taʼlim muassasalaridan birida ishlovchi taʼmagir oʻqituvchining jinoiy xatti-harakatlari fosh etiladi. U talabalardan biriga “Seni oʻqishga men kiritdim” deb, pora talab qiladi, belgilangan pulni bermasa, oʻqishdan chetlatishini aytib, talabaga bosim oʻtkazadi. Fakultet rahbariyati, hamkasblari hamda halol va toʻgʻrisoʻz oʻqituvchilarning ogohlantirishlariga qaramasdan qingʻir yoʻldan qaytmagan “qahramon”, nihoyat huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan qoʻlga olinadi va jazoga tortiladi.
Darhaqiqat, taʼlim muassasalarida akademik intizom va halollikni saqlash muhim ahamiyatga ega. Bu kabi spektakllar, baʼzi gʻaraz niyatli oʻqituvchilarning kirdikorlarini fosh etish orqali talabalar va oʻqituvchilar oʻrtasidagi munosabatlarda shaffoflikni taʼminlashga xizmat qiladi. Spektaklni namoyish qilishdan koʻzlangan bosh maqsad ham taʼmagirlik, korruptsiya kabi zararli illatlarga qarshi kurashish va aholi ongida ushbu illatlarga nisbatan murosasizlik tuygʻusini shakllantirishdir. Bu kabi asarlar, tomoshabinlarni oʻylantirib, ularning vijdoniga taʼsir qiladi va ijtimoiy adolat uchun kurashishga undaydi.
Spektaklga huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining taklif etilishi ham bejiz emas. Sababi, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan jamiyatda va oʻz xodimlari orasida korruptsiyaning oldini olish maqsadida qator amaliy ishlar qilinmoqda. Xodimlarning malakasini oshirish, ularning ish faoliyatini nazorat qilish va javobgarlikni kuchaytirish kabi choralar bunga yaqqol misoldir.
Korruptsiyaga qarshi kurashish – bu uzoq muddatli va murakkab jarayon boʻlib, unda hamma darajadagi fuqarolarning ishtiroki va jamiyatning barcha qatlamlari bilan hamkorlik zarur. Jamiyatda korruptsiyaga nisbatan murosasizlik madaniyatini shakllantirish va fuqarolarning huquqiy ongini oshirish orqali korruptsiyaga qarshi kurashish samaradorligini yanada oshirish mumkin. Zero, korruptsiya – bu jamiyat va davlat rivojlanishiga jiddiy toʻsiq boʻluvchi illatdir. U iqtisodiy oʻsishni sekinlashtiradi, adolatsizlikni kuchaytiradi va davlat institutlarining samaradorligini pasaytiradi. Korruptsiya investitsiyalarning kamayishi, qonun ustuvorligining zaiflashishi va jamiyatdagi ishonchning yoʻqolishi kabi salbiy oqibatlarga ham olib keladi.
Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrining isteʼdodli aktyor va aktrisalari spektakldagi oʻz rollarini maromiga yetkazib ijro qilish orqali tomoshabinlarni halollikka, oʻz xizmat vazifasini vijdonan bajarishga chorlagan boʻlsa ajab emas.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶