Doʻstlik va Olmazor nomli mahallalarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish yuzasidan profilaktik tadbirlar oʻtkazildi
Maʼlumki, mamlakatimizda shu kunlarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha ishlar qizgʻin olib borilmoqda. Bu borada Amudaryo tumanida ham masʼul tashkilotlar tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilyapti. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, polkovnik Mahmud Seydullayev raisligida oʻtkazilgan tadbirda tumandagi ijtimoiy soha obʼektlari, aholi yashash xonadonlari, koʻp qavatli turar joy binolarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash, kommunal tarmoqlar va isitish tizimlarini koʻzdan kechirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Aytish mumkinki, joriy yilda tumanimizda ham koʻp qavatli uylar, ijtimoiy soha obʼektlari hamda iqtisodiyot tarmoqlarini mavsumga tayyorlash ishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan boʻlib, barcha ishlar ushbu dasturda belgilangan vazifalar asosida olib borilmoqda. Bu jarayonda aholidan tushayotgan murojaatlarga koʻra, hududdagi uy-joy fondlarining mavjud holati oʻrganilyapti. Bundan koʻzlangan maqsad, koʻp qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash, taʼmirlash ishlarini oʻz vaqtida sifatli bajarish, joylarda tegishli xodimlarning samarali faoliyat olib borishlarini taʼminlashdan iboratdir.
Tadbir davomida ijtimoiy soha obʼektlarini kuz-qish mavsumida issiqlik energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash, isitish qozonlari va qozonxonalarni modernizatsiya qilish hamda muassasalarning issiqlik tizimini taʼmirlab, belgilangan meʼyorlarda ishlashi uchun sharoit yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida axborot berildi.
Yigʻilish yakunida tegishli yoʻriqnoma oʻtkazilganidan soʻng tuman hududida kuz-qish mavsumida favqulodda vaziyatlar, gaz-havo aralashmasining chaqnashi, tabiiy va is gazidan zaharlanish kabi koʻngilsiz holatlarning oldini olish maqsadidagi profilaktik tadbirlar Doʻstlik va Olmazor nomli mahallalardagi aholi yashash uylarida davom ettirildi.
Xususan, Doʻstlik mahallasi Matbuotchilar koʻchasida koʻp qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholi xonadonlarining gaz uskunalari oʻrganib chiqildi va dudburonlarida aniqlangan kamchiliklar joyida bartaraf qilindi. Shuningdek, bu kabi ishlar Olmazor mahallasida ham tashkil etildi. Oʻrganish ishlari davomida aholiga favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bu kabi holatlar roʻy berganida toʻgʻri harakat qilish boʻyicha zarur maslahatlar berildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, polkovnik Mahmud Seydullayev tomonidan ishchi guruhlar va tegishli soha rahbarlariga aholi yashash uylarida amalga oshirilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha topshiriqlar berildi. Bu ishlar mavjud kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish, aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etib mavsumning muammosiz oʻtkazilishini taʼminlash imkonini beradi.
Sherzod Tursunbayev, Amudaryo tumani Favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari, kapitan

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶