“Uch avlod uchrashuvi” tadbiri boʻlib oʻtdi
Keyingi yillarda butun mamlakatimiz boʻylab oʻtmish, bugun va kelajakni oʻzida mujassam etgan avlodlar uchrashuvi tadbirlarini oʻtkazish goʻzal anʼanaga aylandi. Ayniqsa, muqaddas Ramazon oyida hududlarda oʻtkazilayotgan bu kabi tadbirlarda nuroniy otaxon va onaxonlar, oʻrta yoshdagi yurtdoshlarimiz va navqiron yoshlar faol ishtirok etib, dildan suhbat qurmoqdalar.
Oʻzaro muloqotlarda oʻtmishda ajdodlarimiz tortgan azob-uqubatlar tilga olinib, bugun mamlakatimizda inson omiliga yuksak eʼtibor berilayotgani, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan har bir vatandoshimizga yuksak gʻamxoʻrlik, mehr-oqibat koʻrsatilayotgani, inson qadr-qimmati, uning orzu-intilishlarini roʻyobga chiqarish uchun barcha imkoniyat yaratilayotgani hayotiy misollar orqali eʼtirof etilmoqda.
31-mart kuni Mangʻit shahridagi tuman Madaniyat boʻlimining tomoshalar zalida ham “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri boʻlib oʻtdi.
Tadbir avvalida unda “Nuroniy” jamgʻarmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi boshligʻi Tursunboy Abdijabbarov, jamgʻarmaning tuman boʻlimi raisi Ashirbay Qoʻshayev, jamgʻarma Jamoatchilik kengashi aʼzosi Bekman Allaberganovlar “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida manzarali daraxt koʻchatlarini ekish jarayonida ishtirok qilishdi. Mehmonlarga Mahallalar uyushmasi tuman boʻlimi boshligʻi Bahromboy Qodirov, tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi mudiri Yalgʻosh Shamuratov, Oybek nomli mahalladagi 55-sonli maktab direktori Davron Arikovlar hamrohlik qilishdi.
Shundan keyin mehmonlar tuman Madaniyat boʻlimi binosida tumandagi ilgʻor maktabgacha taʼlim tashkilotlari tomonidan tashkil qilingan koʻrgazma bilan tanishishdi. Tomoshalar zalida “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri boshlandi. Unda “Nuroniy” jamgʻarmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi boshligʻi Tursunboy Abdijabbarov, tuman hokimining oʻrinbosari Goʻzal Saburova, tumandagi ovul va mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari, fuqarolar yigʻinlaridagi yoshlar yetakchilari, nuroniy otaxonu onaxonlar, tadbirga taklif qilingan korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok qilishdi.
Uchrashuvda soʻz olganlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan olamshumul tarixiy yangilanishlar, islohotlar va ularning samarasi, xalq farovonligi va dasturxonlarimiz toʻkin-sochinligi yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar, ayniqsa, tumanimizda oxirgi yillarda sodir boʻlayotgan ijobiy oʻzgarishlar haqida soʻz yuritdilar.
Soʻzga chiqqan nuroniylar birgina 2024-yilda Amudaryo ustiga qurilgan zamonaviy temir-beton konstruktsiyali koʻprik foydalanishga topshirilgani, aholini ichimlik suvi bilan taʼminlovchi suv inshooti qurilishi boshlangani, investitsiya dasturlari doirasida qator tadbirkorlik obʼektlari qurilayotgani, mahallalar infratuzilmasi yaxshilanib, yangi uy-joylar qad rostlayotgani va boshqa koʻplab yangilanishlar mamlakatimizda inson manffatlariga qaratilayotgan eʼtiborning yaqqol dalili ekanligi qayd etildi.
Uchrashuv davomida tuman Madaniyat boʻlimining xonandalari va raqs toʻgaragi aʼzolari oʻzlarining kontsert dasturlarini namoyish qildilar.
Tadbirda “Nuroniy” jamgʻarmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi boshligʻi Tursunboy Abdijabbarov koʻp yillardan buyon davlat va jamoatchilik ishlarida samarali mehnat qilib, boy hayotiy tajriba toʻplagan, bugungi kunda qarilik gashtini surayotgan, shuningdek, hozir ham jamiyatimiz hayotida pand-nasihatlari bilan faol ishtirok qilayotgan nuroniylarga, kam taʼminlangan, yordamga muhtoj yurtdoshlarimizga, samarali faoliyat yuritib el nazariga tushayotgan yoshlarga “Nuroniy” jamgʻarmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi tomonidan ajratilgan sovgʻalarni tantanali tarzda topshirdi.
“Uch avlod uchrashuvi” tadbirining ishtirokchilari boʻlmish nuroniylar hamda oʻrta yoshdagi yurtdoshlarimiz faol va tashabbuskor yoshlarni koʻrib, yurtimiz kelajagi ishonchili qoʻllarda ekanligiga yana bir karra amin boʻlishgan boʻlsa, yoshlar ularning hayotiy hikoyalaridan xulosa chiqarib, dorilomon kunlarning qadriga yetish, mustaqillik va tinchlikni koʻz qorachigʻiday asrab-avaylashga soʻz berdilar.
Tuman hokimligining axborot xizmati

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶