Eng qadimiy va hamisha NAVQIRON BAYRAM
Har bir kuni qutlugʻ yangilanishlar, quvonarli oʻzgarishlar bilan kechayotgan yurtimizning bayramlari, nishonlanadigan muhim sanalari koʻp. Biroq, asl milliy bayramimiz – Navroʻzi olamning mazmun-mohiyati juda teran. Chunki Navroʻz avvalo sharqona yangi yilning kirib kelishi, dehqonning yerga yaxshi niyat bilan urugʻ sochishi bilan boshlanib, el-yurtga qut-baraka tilab xursandchilik qilish, oʻyin-kulgu bilan davom ettiriladi. Navroʻz bayrami shohtaomi – sumalak, goʻja, koʻksoʻmsalar pishiriladi. Kishilarning orasida mehr-oqibat, hamjihatlik rishtalarini mustahkamlovchi, xalqimizning mehr-muruvvatliligini ifoda etuvchi urf-odatlari bayram kunlari yanada yaqqol namoyon boʻladi.
Shuning uchun ham Navroʻz asrlar osha yashab kelmoqda va kelgusida ham avlodlarimiz turmushidan teran joy egallashi shubhasiz.
Men asli rus millatidan boʻlsam-da 1956-yildan beri shu yerda yashab, baxtli turmush kechirganim, uyli-joyli, farzandli, nevara-chevarali boʻlib, elda eʼzoz topib yashayotganim uchun taqdirimdan minnatdorman. Nasibam Oʻzbekistonday bagʻrikeng, insonparvar yurtga sochilganidan bir umr xursand boʻlib yashab kelayapman. Shukronamni mehnatim, el-yurtga xizmatim bilan koʻrsatishga intildim.
1957-yildan 30-sonli umumtaʼlim maktabida bolalarga boshlangʻich sinflarda saboq berdim. Hali maktab nimaligini bilmaydigan bolalarga ilk savod oʻrgatdim. Maktabda oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari, direktor lavozimlarida ishlab, nafaqaga chiqdim.
Hozir sakson yoshning ostona-sidaman. Farzandlarim, nevaralarim ham oʻqib, turli kasb egalari boʻlib yetishdi, chevaralarim - hayotim quvonchi. Ularga atab har yili Navroʻz bayramida farzandlarim, kelinlarim koʻmagida ulkan qozonda sumalak pishiramiz, hammamiz dasturxon atrofiga yigʻilib, quvonib qolamiz. Hatto qoʻshni kichkintoylar ham sumalak pishirishimizni zavqlanib kuzatib turishadi. Sumalakni pishirish ham, ulashish ham qanday yaxshi.
Xalqimizning dilidan chuqur joy olgan, goʻzal insoniy fazilatlar namoyon boʻladigan Navroʻzni orziqib kutishimiz ham shundandir, balki?
Yurtboshimiz I.Karimovning "2015-yilgi Navroʻzumumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida” qaror qabul qilganligi yillar suronida taʼqib, taʼqiqlarga qaramay, yurtdoshlarimizning yuragidan chuqur joy egallagan ulugʻ bayramimizga hurmatdir.
Valentina KUZNETsOVA, faxriy oʻqituvchi.
(Foto - http://www.uza.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶