EKOLOGIK HOLATNI YaXShILASh – DOLZARB MASALA
Davlat barqaror rivojlanish printsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Konstitutsiyaning 49-moddasidan.
Hozirgi davrda jahon hamjamiyatini tashvishga solayotgan global muammolardan biri – ekologiya muammosidir. Statistik maʼlumotlarga koʻra, har yili dunyoda 7 mln. kishi havo iflosligi taʼsiridan vafot etmoqda, unumdor yerlar choʻllarga aylanmoqda.
Ekologiya muammosi butun dunyo mamlakatlari aholisini tashvishga solayotgan bir davrda bizning yurtimiz ham bundan mustasno emas. Biroq davlatimizning fuqarolar farovon va yuqori qadr-qimmatga ega hayotiy muhitda yashashiga erishish borasida izchil chora-tadbirlar olib borayotganligi quvonarli holdir. Bu Asosiy Qonunimiz – Konstitutsiyamizning 49-moddasida ham oʻz ifodasini topgan. Ushbu moddada “Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati toʻgʻrisidagi ishonchli axborotga ega boʻlish huquqiga ega” deb belgilangan. Shuningdek, davlat barqaror rivojlanish printsipiga muvofiq atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishi belgilangan.
Bu borada tumanimizda ham tizimli ishlar amalga oshirilayapti.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining Amudaryo tumani boʻlimi tomonidan 2023-yilning 11 oyi davomida tumanimiz hududida tabiatga zarar yetkazilishining oldini olish maqsadida noqonuniy chiqindi tashlab, atrof-muhitni ifloslantirayotgan, hayvonot va oʻsimlik dunyosini, suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun-qoidalar talablariga rioya qilmasdan ichimlik va oqava suvlarning ifloslanishiga yoʻl qoʻyish holatlari nazoratga olinib, ushbu huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga choralar koʻrildi. Shuningdek, yigʻilib qolgan chiqindilar, oʻsimlik qoldiqlari va xazonlarni yoqib yuborib, atmosfera havosining ifloslanishiga yoʻl qoʻyayotgan fuqarolarga tushuntirish ishlari olib borilib, ogohlantirishlar berildi, ekologik nazorat tadbirlari davomida OʻZR MJtKning belgilangan moddalariga asosan atrof-muhit ifloslanishiga yoʻl qoʻyish boʻyicha jami 125ta huquqbuzarliklar aniqlanib, maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi va 335 319 000 soʻm miqdorida jarimalar undirildi. Vazirlar Mahkamasining tegishli Qarorlariga asosan atrof-muhitni ifloslantirganligi va chiqindilar tashlagani uchun 157ta korxona va tashkilotlarga jami 211 359 174 soʻm kompensatsiya toʻlami hisoblanib, davlat hisobiga undirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ekish boʻyicha eʼlon qilingan “Dolzarb 40 kunlik”da koʻchat ekishni samarali tashkil etish yuzasidan tumanimizda ham chora-tadbirlar belgilanib, 2023-yil kuz mavsumida 489500 dona manzarali va mevali daraxt koʻchatlari va qalamchalarini ekish rejalashtirilgan edi. Ushbu daraxt koʻchatlari va qalamchalar tumanimizdagi barcha korxona va tashkilotlar, ovul, mahalla fuqarolar yigʻinlari maʼmuriy binolari atroflariga, avtomobil yoʻllari boʻylariga ekildi.
Ona tabiatimizni asrash, uning musaffoligini saqlash borasida amalga oshirilayotgan bu kabi saʼy-harakatlar kelgusida oʻzining ijobiy samaralarini beradi, albatta.
Nurbek UZOQBOYeV,
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish
va iqlim oʻzgarishi vazirligining Amudaryo tuman boʻlimi boshligʻi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶