YoShLAR HUQUQLARINI HIMOYa QILUVChI KONSTITUTsIYa
Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini taʼminlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini ragʻbatlantiradi.
Konstitutsiyaning 79-moddasidan.
Bugun yurtimizda yoshlarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Yangilangan Konstitutsiyada ham koʻplab soha va yoʻnalishlar qatorida yoshlar masalasiga alohida ustuvorlik berilgan.
Oʻzbekiston – yoshlar mamlakati, unda 30 yoshgacha boʻlgan aholi soni 18 mln.dan ziyod. Aholining qariyb 55 foizini tashkil etgan ulkan qatlam har doim davlatimizning eʼtiborida boʻlib kelmoqda.
Yangilangan Konstitutsiyaga kiritilgan oʻzgarishlar tufayli iqtidorli yoshlar oʻzlari xohlagan taʼlim turini tanlashi, oʻzlari qiziqqan sohada ishlashi mumkin. Shuningdek, fuqarolarga davlat va jamiyat boshqaruvining barcha bosqichlarida faol ishtirok etish, har bir qabul qilinayotgan muhim hujjat ijrosida oʻz ovoziga ega boʻlish imkoniyati ham yaratib berilgan.
Asosiy Qonunimizning mazmun-mohiyati haqida soʻz borganida, uning har bir moddasi, yangi hayot ruhi singdirilgan normalari haqida uzoq gapirish mumkin boʻladi. Konstitutsiyamizning Oila, bolalar va yoshlar, deb nomlangan bobining 79-moddasida yoshlar siyosatiga doir muhim jihatlar haqida soʻz yuritilgan.
Avvalo, taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston ijtimoiy davlat sifatida yoshlarning barcha jabhadagi huquqlarini taʼminlash kafolatini olmoqda. Birgina mana shu moddaning oʻzi mamlakat yoshlari hayotini oʻzgartirib yuboruvchi, bugungi va ertangi farovonlik asosini yaratuvchi mexanizm sifatida boʻy koʻrsatadi.
Yoshlar huquqlari aks etgan alohida moddaga koʻra, davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini taʼminlaydi. Ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini ragʻbatlantiradi. Shuningdek, davlat yoshlarning maʼnaviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning taʼlim olishga, sogʻligini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratib berishi belgilangan.
Oʻqish, biron mutaxassislikka ega boʻlgach, munosib ish topish, uy-joyli boʻlish masalasi har bir yoshni jiddiy oʻylantiradigan, qiynaydigan masalalardan edi. Chunki bularning barini birdaniga hal qilish juda mushkul. Shu bois, davlat endilikda bu kabi masalalarni oʻz zimmasiga olmoqda. Yaʼni, Konstitutsiyamizda yoshlarning sifatli taʼlim olishi, ishga joylashishi, uy-joyga ega boʻlishiga alohida eʼtibor qaratilgan.
Bir soʻz bilan aytganda, bosh Qomusimiz – Konstitutsiyamiz jamiyatimiz hayotining barcha yoʻnalishlarini kompleks tartibga solish hamda mamlakatimizni demokratik rivojlantirish yoʻlida eng muhim huquqiy poydevor boʻlib hisoblanadi.
Yoshlar mamlakati boʻlgan Oʻzbekistonda biz uchun barcha imkoniyat eshiklari doimo ochiq. Mana shu imkoniyatlarning qonuniy mustahkamlab qoʻyilishi esa yoshlarimizga yanada oʻzgacha shijoat va ruh bagʻishlaydi.
Dilmurod Yodgorov,
Doʻstlik MFY yoshlar yetakchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶