3-dekabr – Xalqaro Nogironlar kuni: NOGIRONLAR OʻRTASIDA ShAShKA-ShAXMAT SPORTI MUSOBAQALARI OʻTKAZILDI
Mamlakatimizda imkoniyati cheklangan insonlarni ijtimoiy himoya qilish, ularga jismonan sogʻlom insonlar bilan bir xil, teng sharoitlar yaratish maqsadida, nogironligi boʻlgan shaxslarning oʻz qobiliyatlarini toʻliq namoyon etishlari, ijtimoiy faolliklarini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani kuchli va manzilli ijtimoiy himoya siyosatining yaqqol isbotidir.
Ayni paytda, mutaxassislarning tibbiy xulosalariga koʻra, dunyo aholisining 1 milliard nafardan ortigʻida, yaʼni har yetti kishidan kamida bittasida muayyan bir turdagi nogironlik mavjud. Barcha nogironlarning 100 milliondan ortigʻini esa bolalar tashkil etadi.
Yurtimizda nogironligi boʻlgan shaxslarni himoya qilish bilan bogʻliq tadbirlar nafaqat 3-dekabr – Xalqaro Nogironlar kunida, balki doimiy ravishda oʻtkazilib kelinadi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad, bu kabi dasturiy tadbirlarda nogironligi boʻlgan shaxslar sogʻlom kishilar bilan teng huquqlilik asosida ishtirok etishini, ularning manfaatlari, huquqlari inobatga olinishini, ularning qadr-qimmatini himoyalovchi qonunlar va tartib-tamoyillarning joriy etilishini taʼminlab, barcha uchun ochiq va doʻstona jamiyat qurishdan iboratdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Nogironlar jamiyati Amudaryo tuman boʻlinmasi tomonidan har yili 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan bayramona tadbirlar oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratilishi ham imkoniyati cheklanganlarning sogʻlom insonlar bilan teng sharoitlar asosida oʻz qobiliyatlarini amalda namoyon etishlariga qaratilgan xayrli ishlarning samarasidir.
Jamiyatning Amudaryo tuman boʻlinmasi raisi Nilufar Xolboyevaning shaxsiy tashabbusi va homiy tashkilotlar rahnamoligida joriy yilning 29-noyabr sanasida Amudaryo muhandislik texnikumi binosida “Biz hech kimdan kam emasmiz!” shiori ostida boʻlib oʻtgan sport musobaqalari ham nogironlarning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgani bilan koʻngillarga joʻshqinlik bagʻishladi.
Amudaryo tuman hokimligi, yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimi “Inson” ijtimoiy himoya markazi, Oʻzbekiston xalq demokratik partiyasi tuman Kengashi, tuman Bolalar-oʻsmirlar sport maktabi, Madaniyat boʻlimi hamda Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati tuman boʻlinmasi hamkorligida 17-30 yosh oraligʻidagi imkoniyati cheklangan yoshlar oʻrtasidagi sportning shaxmat-shashka turi boʻyicha sport musobaqalari oʻtkazildi.
Nogironligi boʻlgan yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning oʻz iqtidorlarini amalda namoyon etishlariga koʻmaklashish maqsadida tashkillashtirilgan mazkur musobaqasida homiy tashkilotlar masʼullari sportchilarga oʻzlarining bayram tabriklarini yoʻlladilar.
Shuningdek, tadbir yakunida musobaqada faol ishtirok etganlarga Yoshlar ishlari agentligi Amudaryo tuman boʻlimi tomonidan faxriy yorliqlar va qimmatbaho sovgʻalar taqdim etildi, homiylar tomonidan bayram dasturxoni yozilib, barcha ishtirokchilarga sovgʻalar berildi.
Fayzli dasturxon atrofida, goh soz, goh suhbat tarzida davom etgan bayram tadbiri barchaga xush kayfiyat bagʻishladi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶