VOYaGA YeTMAGANLAR DOIMIY EʼTIBORDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qaroriga asosan tuman, shahar ichki ishlar organlari tarkibida voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha shugʻullanuvchi inspektor-psixolog lavozimlari joriy etilib, ularning xizmat oʻtash joyi etib umumiy oʻrta taʼlim muassasalari belgilangan edi.
Qarorga muvofiq tuman Ichki ishlar boʻlimida ham Jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasida voyaga yetmaganlar masalalari bilan shugʻullanuvchi 10 nafar inspektor-psixologlar faoliyat boshlashdi. Ular tumanimiz hududida yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, milliy xalq oʻyinlari va sport turlarini yoshlar orasida ommalashtirish, “Besh muhim tashabbus” loyihalari, yoshlar festivallari va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha ovul va mahalla yoshlar yetakchilari bilan keng qamrovli ishlar olib borishayapti. Oʻquv maskanlarida voyaga yetmaganlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ular oʻrtasida huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, vatanparvarlikni targʻib etish, ommaviy madaniyat taʼsiriga tushishining oldini olish borasida muntazam ravishda davra suhbatlari, profilaktik tadbirlar oʻtkazib kelishayapti.
Tumanimizda voyaga yetmaganlar 72 662 nafarni tashkil etadi. Mavjud umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida hozirgi kunda 38412 nafar oʻquvchilar, 51ta maktabgacha taʼlim muassasalarida 10312 nafar jajji bolajonlar taʼlim-tarbiya olishayapti. Ular orasida darslarni puxta oʻzlashtirib, intellektual qobiliyatini namoyish etib, bilimlar sinovlarida, shuningdek, turli ijodiy tanlovlarda, sport musobaqalarida yuqori natijalarni qayd etayotganlari talaygina.
Maktabgacha taʼlim, maktab taʼlimi muassasalarida ularga yaratilayotgan sharoitlar ham havas qilishga arzigulik. Biroq bolaning dunyoqarashi eng avvalo oilada shakllanishini hisobga olsak, farzand kamolida ota-ona tarbiyasi nechogʻlik muhim ekanligi ayon boʻladi. Taassufki, aholi orasida ichkilikka ruju qoʻygan yo xulq-atvori bilan oʻz farzandi tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi shaxslar ham uchrab turadi. Farzandini muntazam nazorat qilmaydigan, ularning nima bilan mashgʻul ekanligiga qiziqmaydigan, taʼlim olishiga beparvo ota-onalar ham bor. Inspektor-psixologlar ular bilan manzilli ish olib borishayapti va bola tarbiyasidagi masʼuliyatini tushuntirishayapti.
Voyaga yetmaganlar orasida inspektor-psixologlar hududlar profilaktika inspektorlari, fuqarolar yigʻinlari “beshligi” va taʼlim muassasalari xodimlari bilan hamkorlikda taʼlim-tarbiya borasida muntazam ish olib borishayotganligiga qaramasdan 2023-yilning 10 oyi davomida voyaga yetmaganlar tomonidan 7ta jinoyat sodir etildi, ikki nafar voyaga yetmaganlar oʻz joniga qasd qilib, vafot etdi.
Voyaga yetmagan oʻgʻil-qizlarning intiluvchan, ilmli va mustaqil hayotga moslasha oladigan intellektual salohiyatli boʻlib ulgʻayishlari yoʻlida mehnat qilayotgan inspektor-psixologlar orasida leytenant Husniddin Safarboyevning faoliyati, ayniqsa, samarali boʻlayotir. U maxsus guruh safida voyaga yetmaganlarning nazoratsiz va qarovsiz qolishining oldini olish maqsadida oʻtkazilayotgan “Tungi reyd”, “Oʻquvchi”, “Davomat”, “Tigʻ” profilaktik tadbirlarida faol qatnashib, ularning bemaqsad yurishlarining oldi olinishiga hissa qoʻshayapti.
Voyaga yetmaganlar masalalari bilan shugʻullanuvchi inspektor-psixologlar Ulugʻbek Yoʻldoshev boshchiligida profilaktika inspektorlari va hamkor tashkilotlar bilan birga tumanimiz oilalaridagi oʻgʻil-qizlarning oqil, yurtiga sodiq, oʻz Vatanining qonun-qoidalarini hurmat qiladigan, barkamol insonlar boʻlib shakllanishiga, ularning qonuniy huquq va manfaatlari himoya qilinishiga xizmat qilmoqdalar.
Oygul RAJABOVA.
Suratda: Husniddin Safarboyev oʻquvchilar bilan
kitob mutolaasi xususida suhbatlashmoqda.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶