QIPChOQ OVULIDAGI KASB-HUNAR MAKTABIDA “YaShIL MAKON” UMUMMILLIY LOYIHASI DOIRASIDA KOʻChAT EKISh IShLARI TAShKIL ETILDI
Amudaryo tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi koʻchat ekish ishlari qizgʻin davom etmoqda. Barcha ovul va mahallalarda, korxona-tashkilotlar, taʼlim muassasalari binolari atrofida loyiha doirasida yashil bogʻ barpo etish uchun turli mevali va manzarali daraxtlar koʻchatlarini oʻtqazish, ularni muntazam ravishda parvarishlash ishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
7-noyabr kuni Qipchoq ovulidagi 1-sonli kasb-hunar maktabi binosi atrofida ham yashil hududlarni yanada kengaytirish, ekologiya yaxshilanishiga hissa qoʻshish maqsadida koʻchat ekish va obodonlashtirish ishlari tashkil qilindi. Ushbu ezgu va xayrli ishlarda maktabning barcha xodimlari, oʻqituvchi va oʻquvchilar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida maktab hududidagi maydonlarda obodonlashtirish ishlarini oʻtkazilib, mavjud daraxtlar, archalar va butalarga shakl berildi, qurigan shoxlari olib tashlandi. Yovvoyi oʻtlardan tozalangan yer maydonlariga mevali va manzarali daraxtlar koʻchatlari oʻtqazildi.
Ushbu kasb-hunar maktabida barcha qulayliklarga ega boʻlgan oʻquv binosidan tashqari, 240-oʻrinli oʻquv ustaxonasi, 120-oʻrinli oshxona va 100-oʻrinlik oʻquvchilar turar joyi mavjud. Maskanda oʻquvchi-yoshlarning sifatli taʼlim olishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Maktabda bu yilgi oʻquv yilida 1-bosqichga 8 ta yoʻnalish boʻyicha 205 nafar oʻquvchi qabul qilingan. Hozirgi kunda oʻquvchi-yoshlarga 28 nafar oʻqituvchi va 9 nafar ishlab chiqarish ustalari taʼlim-tarbiya berishmoqda.
Mazkur kasb-hunar maktabida yoshlarga avtomobil dvigatellarini tashxislash va taʼmirlash, avtomobil elektr va elektron jihozlariga xizmat koʻrsatish, axborot vositalari mashinalari va kompyuter tarmoqlari operatori, tikuvchi, oʻt oʻchiruvchi, traktorchi-mashinist, raqamli axborotlarni qayta ishlash ustasi, elektrik kabi yoʻnalishlar boʻyicha puxta bilim berilmoqda. Maktabning tajribali oʻqituvchilari umumtaʼlim fanlarini, mahoratli ishlab chiqarish taʼlimi ustalari kasb va hunar sirlarini mukammal oʻrgatishmoqda. Kasb va hunar sirlarini chuqur oʻrganayotgan yoshlar maktab, tuman va respublika miqyosidagi turli tadbirlar, tanlovlarda oʻz iqtidorlarini namoyish etishmoqda.
Har jabhada oʻz faolligini namoyon etayotgan maktab jamoasi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlariga ham oʻz hissalarini qoʻshishmoqda.
Shu paytga qadar kasb-hunar maktabi atrofidagi yer maydonlariga shartnomaga koʻra, Qipchoq davlat oʻrmon xoʻjaligidan 6,5 mln. soʻmlik koʻchatlar keltirilib ekildi. Hududga 100 tup yasin, 100 tup katalpa, 100 tup qayragʻoch, 100 tup yapon sapurasi, 100 tup terak koʻchatlari koʻchirildi. Undan tashqari, loyiha doirasidagi ezgu ishlar davomida oʻqituvchi va oʻquvchilarning tashabbusi bilan 700 tup mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ham oʻtqazildi.
Maktab bogʻiga yaxshi niyat bilan ekilgan barcha koʻchatlar hududning iqlim sharoitidan kelib chiqib, bogʻlar hosil qilish va koʻkalamzorlashtirishni nazarda tutgan holda tanlab olindi. Endi ular agrotexnik talablar asosida parvarish qilinadi, mineral va organik oʻgʻitlar bilan oziqlantirilib, zararkunandalardan himoya qilib boriladi.
Maktab atrofini yanada obod qilish maqsadida tashkil etilgan xayrli tadbir davomida koʻchatlar uchun maxsus texnika yordamida chuqurlar qazildi. Nihollar belgilangan oʻlchamdagi chuqurlarga joylashtirildi va suv quyilib, yumshatilgan tuproqlar bilan koʻmildi. Loyiha doirasidagi mazkur tadbir uyushqoqlik bilan oʻtkazilib, maktab hududidagi bogʻlar yanada kengaytirildi.
O.Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶