NURONIYLAR YoShLAR KAMOLI YOʻLIDA SAʼY-HARAKATDA
Mamlakatimizda keksa yoshdagilar va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash, ularga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tobora kuchaytirilmoqda. Viloyatlar va Qoraqalpogʻiston Respublikasi tuman va shaharlarida Nuroniylar jamoatchilik kengashlari tashkil etildi. “Keksalar haftaligi”, “Keksalar uchun turizm oyligi”ni oʻtkazish anʼanaga aylandi. Keksalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirish bilan bir qatorda ularning ijtimoiy faolligini kuchaytirishga, mahallalarda tinchlik, osoyishtalikni taʼminlashda, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirishda ishtirokini kengaytirishga ham alohida eʼtibor qaratilayotir. Mahallalarda “Bir nuroniy oʻn yoshga masʼul” tamoyili asosida hayotiy va katta amaliy tajribaga ega boʻlgan obroʻ-eʼtiborli nuroniylarni ishsiz, tarbiyasi ogʻir va muammoli yoshlarga biriktirish orqali ularning jamiyat uchun foydali insonlar boʻlib yetishishlariga koʻmak berilmoqda.
Amudaryo tumanida faoliyat yuritayotgan “Nuroniylar” jamoatchilik kengashi tomonidan keksalarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlarini taʼminlash, ularning boy hayotiy tajribalarini yoshlarga oʻrnak qilib koʻrsatish, oilalar birdamligini saqlash, oʻzaro ahil qoʻshnichilik munosabatlarini qaror toptirish, oilalarda avlodlar oʻrtasidagi oʻzaro aloqani saqlash va qoʻllab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada soʻz ketar ekan, eng avvalo tuman “Nuroniylar” jamoatchilik kengashi raisi Bekman hoji ota Allamberganovning “Amudaryo telekanali”da muntazam olib borayotgani Odoblar xazinasi” ruknidagi yoshlar tarbiyasi, oilaviy munosabatlar, kasblar haqidagi, inson hayotiga doir, islom dinining inson hayoti goʻzal va mazmunli boʻlishidagi roliga doir koʻrsatuvlarini alohida eʼtirof etish joiz. Shuningdek, otaxon saʼy-harakatlari bilan tashkil etilgan kutubxonadagi mingdan ortiq nusxada turli mavzulardagi adabiy, ilmiy ommabop kitoblar keksa otaxon, onaxonlargagina emas, yoshlarga ham manzur boʻlayotir.
Jamoatchilik kengashi aʼzolari tumanimizda turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarning yuksak saviyada oʻtkazilishiga munosib hissa qoʻshib kelishmoqda. “Uch avlod uchrashuvi”, “Keksalar oʻgiti” kabi tadbirlar yoshlarga hayotiy saboq beradigan maktabga aylanmoqda.
Mahalla va oilalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni barqarorlashtirish, ajrimlarning oldini olish, yoshlar, ayniqsa qizlarni milliy urf-odatlarimiz, qadriyatlarimizga sodiqlik ruhida tarbiyalashda tuman Mahallani qoʻllab-quvvatlash va aholi bandligiga koʻmaklashish boʻlimida faoliyat yuritayotgan “Buvijonlar maktabi” jamoatchilik kengashining ham munosib oʻrni bor.
Kengash raisi, “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori, “Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Xonimjon Rajabova kengash aʼzolari bilgan birgalikda nuroniy onaxonlarni ijtimoiy-siyosiy hayotga keng jalb etish orqali oilalar va mahallalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni barqarorlashtirishga, yoshlarni imon-eʼtiqodli, milliy odob va urf-odatlar ruhida tarbiyalashga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
“Buvijonlar maktabi” jamoatchilik kengashi tomonidan joriy yilda ham yigit va qizlarni oila qurishga tayyorlashga koʻmaklashish, tuman hududidagi tarbiyasi ogʻir, huquqbuzarlikka moyil yoshlar ayniqsa, qizlar bilan tarbiyaviy ishlarni olib borish, yoshlar oʻrtasida “ommaviy madaniyat koʻrinishidagi salbiy illatlar tarqalishining oldini olish borasida qator tadbirlar oʻtkazildi.
Xonimjon Rajabova tumanimizning qaysi burchagidagi odamlar bilan uchrashsa-da, farzand tarbiyasiga alohida eʼtibor bilan qarash, ularning qiziqish va intilishlarini hurmat qilish, doʻstona munosabatda boʻlish va ilmli, sogʻlom boʻlib voyaga yetishishlariga erishish lozimligini taʼkidlaydi.
Ayni kunda u rahbarlik qilayotgan maktabda 7ta yoʻnalishdagi 69ta toʻgarakda 1668 nafar oʻquvchilar fanlarni chuqur oʻrganishib, kasb-hunarlar boʻyicha ilk bilim va koʻnikmaga ega boʻlishmoqda. Ularga 65 nafar pedagog xodimlar taʼlim-tarbiya berib, kasb-hunar sirlarini oʻrgatishmoqda.
“Buvijonlar maktabi” jamoatchilik kengashi raisi Xonimjon Rajabova oʻz xizmat burchini sidqidildan ado etish barobarida jamoat ishlarida ham doim faol. Uni goh bolalar bilan turli mavzularda suhbatlashayotgan chogʻida, goh nuroniy onaxonlar bilan kengash faoliyatiga doir vazifalar xususida kengashayotgan vaqtida uchratasiz. Onaxonning niyati har bir farzand yurtimizga munosib boʻlib voyaga yetib, oilalarda, oilalardan tashkil topgan yurtimizda tinchlik, osoyishtalik hukmron boʻlishidir. “Buvijonlar maktabi” jamoatchilik kengashi saʼy-harakatlari ham shu maqsadga qaratilgan.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶