AYoLNI EʼZOZLASh – OLIY QADRIYaT
Ayol! Bu buyuk soʻzni har gal tilga olganimizda koʻz oʻngimizda bizni dunyoga keltirib, koʻzi qarogʻida asrab-avaylab voyaga yetkazgan onajonimizning mehribon, munis chehrasi namoyon boʻlaveradi. Shu mukarram zot oldida doim farzandlik burchimizni anglab yashashga undaydi.
Ha, ayol ulugʻ zot! Uni har qancha ardoqlasak ham kamlik qiladi. Xalqimizning qon-qoniga singib ketgan onani, ayolni eʼzozlashdek oliy qadriyatlari davlatimiz siyosatining ham bosh vazifalari sirasiga kiradi. Chunki hayot sinovlaridan oʻtgan, hech kim inkor eta olmaydigan buyuk bir haqiqat bor: farzandi sogʻlom, baxtiyor boʻlsa – ona shod, ona baxtiyor boʻladi. Onalar baxtli boʻlsa, butun El-Yurt baxtli boʻladi, tinchlik hukm suradi, farzandlar komil inson boʻlib voyaga yetadi. Demak, millat komilligi eng birinchi navbatda onaga bogʻliq. Muhtaram Prezidentimiz iborasi bilan aytganda: "Onalarning obroʻ-eʼtiborini jiddiy ravishda oshirish, ularning mehnatini, jismoniy sogʻlom, maʼnaviy boy hamda axloqan pok yosh avlodni tarbiyalashdagi xizmatini munosib baholashimiz kerak. Ona toʻgʻrisida, uning farzandi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish davlatimizning muqaddas burchidir”.
Oilaning fayz-u barakasi, xonadonning farishtasi - ayol. Ayollarsiz hayotni, jamiyatni, taraqqiyotni tasavvur qilib boʻlmaydi. Mustaqillik yillarida ayolning ona sifatidagi nufuzini oshirish, uni asrash bilan birga, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy, intellektual salohiyatini oshirishga, ularning davlat va jamiyat qurilishida faol ishtirokini taʼminlashga, mehnatini muhofaza qilishga ham katta eʼtibor qaratib kelinmoqda.
Mamlakatimizda istiqlol yillarida xotin-qizlarni eʼzozlash, ularning jamiyatdagi rolini oshirish davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Muhtaram Prezidentimiz ayollarning jamiyatdagi oʻrni va roliga yuqori baho berib, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, xotin-qizlarimizning bilimdon, zamonaviy mutaxassis, malakali kasb egalari boʻlishlari hamda sogʻlom va mustahkam oila qurishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish davlatimiz va jamiyatimizning doimiy eʼtiboridagi eng ustuvor vazifa ekanligini alohida taʼkidlab keladilar. Mamlakatimizda ayollarga boʻlgan yuksak hurmat-eʼtibor va gʻamxoʻrlikning amaliy isboti sifatida istiqlol yillarida xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi roli va taʼsirini kuchaytirish, ularning huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy va maʼnaviy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator meʼyoriy hujjatlar qabul qilinganini alohida qayd etish lozim. Jumladan, Prezidentimizning 1995-yil 2-martdagi "Oʻzbekiston Respublikasi davlat va ijtimoiy qurilishida xotin-qizlarning rolini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni mamlakatimiz ayollarining jamiyatni, davlatni boshqarishdagi bilimlari, aqlu-zakovati va imkoniyatlariga boʻlgan ishonchining yorqin namunasi boʻlsa, 2004-yil 25-mayda qabul qilingan "Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni mamlakatimiz xotin-qizlar jamoat tashkilotlarining ayollar huquqlarini himoya qilish, ularning mamlakatimiz siyosiy-ijtimoiy, sotsial-iqtisodiy va madaniy hayotida toʻlaqonli ishtirok etishini taʼminlash, xotin-qizlar hamda yoshlarning maʼnaviy va intellektual saviyasini yuksaltirish borasida olib borayotgan ishlarining samaradorligini oshirishda yana bir muhim qadam boʻldi. Ushbu Farmon bilan ovul va mahallalarda diniy maʼrifat va maʼnaviy-axloqiy tarbiya masalalari boʻyicha maslahatchi lavozimi joriy etildi. Bugungi kunda tumanimizdagi ovul va mahallalarda 47 nafar diniy maʼrifat va maʼnaviy-axloqiy tarbiya masalalari boʻyicha maslahatchilar faoliyat olib borishmoqda.
Tumanimiz jami aholisining salkam 50 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Tumanda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy sohada toʻlaqonli ishtirokini taʼminlash borasida samarali ish olib borilmoqda. Ayniqsa, Xotin-qizlar qoʻmitasi bilan siyosiy partiyalar tuman kengashlarining "Ayollar qanoti” oʻrtasida hamkorlikda ish olib borilmoqda. 2014-yil 21-dekabrda vakillik organlariga boʻlib oʻtgan saylovlarda 6 nafar xotin-qizlar xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi deputatligiga saylangani fikrimizning dalilidir. Bugungi kunda tumanimizda umumtaʼlim maktablari, maktabgacha taʼlim muassasalari, qishloq vrachlik punktlari, markaziy shifoxona boʻlimlariga rahbarlik qilayotgan ayollar ham koʻpchilikni tashkil etadi. Xotin-qizlarning davlat va jamiyat qurilishida, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikda, jamiyat madaniy hayotida ishtiroki tobora ortib bormoqda.
Qizlarimizni oilaviy hayotga tayyorlash, intellektual qobiliyatlarini har tomonlama rivojlantirish, ularni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash maqsadida bugungi kunda maktabgacha taʼlim muassasalarida "Zumradoylar davrasi”, umumtaʼlim maktablari, aka-demik litsey va kasb-hunar kollejlarida "Orasta qizlar” toʻgaraklari, mahallalarda "Orasta qizlar davrasi” faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Har yili "Orasta qizlar” koʻrik-tanlovi oʻtkazib kelinmoqda. Amudaryo maishiy xizmat koʻrsatish kasb-hunar kolleji 2-bosqich oʻquvchisi Gulnura Toʻliboyeva taʼlim muassasalari oʻquvchi-qizlari oʻrtasida oʻtkazilgan "Orasta qizlar” koʻrik-tanlovida, Mangʻit Iqtisodiyot kasb-hunar kolleji 3-bosqich oʻquvchisi Mehribon Tursunboyeva "Mahallaning eng orasta qizlari” koʻrik-tanlovining Oʻzbekiston Respublikasi miqyosida boʻlib oʻtgan Forumida muvaffaqiyatli ishtirok etib qaytishdi.
8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami butun mamlakatimizda boʻlgani kabi, tumanimizda ham keng nishonlanmoqda. Bayram munosabati bilan ovul va mahallalarda istiqomat qilayotgan, mehnat faxriysi boʻlgan nuroniy onaxonlar holidan xabar olinib, bayram sovgʻalari berilmoqda. Xotin-qizlar mehnat qilayotgan idora, korxona va tashkilotlarda, taʼlim muassasalarida ovul va mahallalarda bayram munosabati bilan sport musobaqalari, turli tadbirlar tashkil etilmoqda.
"Keksalarni eʼzozlash yili” munosabati bilan Xotin-qizlar bayrami arafasida 100 yoshdan oshgan onaxonlar, ikkinchi jahon urushida front ortida fidoyi mehnat qilgan onaxonlar holidan xabar olish, ularga tibbiy xizmat koʻrsatish, bayram bilan tabriklash ishlari tashkil etildi. Chunki onani eʼzozlash - eng oliy qadriyatdir.
Fursatdan foydalanib, tumanimizda istiqomat qilayotgan barcha moʻʼtabar onaxonlarimizni, aziz opa-singillarimizni,dilbar va oqila qizlarimizni bahor elchisi boʻlgan goʻzal bayramimiz – 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Maryam AHmedova, tuman hokimi oʻrinbosari, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati.
(Foto - OʻzA)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶