“YuKSAK MAʼNAVIYaTLI VA AXLOQLI YoShLAR – KELAJAK POYDEVORI” NOMLI GRANT LOYIHASI DOIRASIDA “KUTUBXONAGA SAYoHAT” TADBIRI OʻTKAZILDI
Kutubxonalar mutolaani sevgan kitobxonlar uchun eng sevimli maskandir. Zero, har bir insonning katta hayot maydonida oʻz yoʻlini topishida, barkamol shaxs sifatida kamol topishida bu dargohning ahamiyati katta. Shu sababli kitobxonlikni keng targʻib etish, yoshlarni badiiy va ilmiy asarlarni mutolaa qilishga chorlash, shu orqali madaniyatimiz va maʼnaviyatimizni yuksaltirib borish bugungi kundagi dolzarb masalalardan biriga aylangan.
19-sentyabr kuni Amudaryo televideniyesi tahririyatining “Yuksak maʼnaviyatli va axloqli yoshlar – kelajak poydevori” nomli grant loyihasi doirasida yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish maqsadida tumandagi Axborot-kutubxona markaziga sayohat tashkil etildi. Gulzor mahallasidagi 55-sonli maktab oʻquvchilari ishtirokida boʻlib oʻtgan ushbu tadbir davomida loyiha doirasida oʻtkazilayotgan keng qamrovli amaliy ishlar xususida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, mazkur grant loyihasi doirasida yoshlarni kitobxonlikka jalb etish maqsadidagi tadbirlar keng tarzda oʻtkazilib kelinayotgani, “Kitoblar karvoni”, “Kutubxonaga sayohat”, “Yosh kitobxonlar” koʻrsatuv va tadbirlari, “Men sevgan badiiy qahramon”, “Men sevgan badiiy asar” tanlovlarida yosh kitobxonlar faol ishtirok etishayotgani bayon etildi.
Markaz xodimlari ham ushbu ziyo maskani faoliyati haqida gapirib, oʻtkazilayotgan bu kabi maʼnaviy-maʼrifiy, targʻibot tadbirlari, turli loyihalar kitobxonlar safi ortishida alohida ahamiyat kasb etayotganini taʼkidlashdi. Shuningdek, bu yerda mavjud boʻlgan kitoblar haqida batafsil maʼlumotlar berishdi va oʻquvchi-yoshlarni ular bilan tanishib chiqishga taklif etishdi. Yoshlar javonlarga tartib bilan terilgan turli kitoblarni katta qiziqish bilan koʻrib, tanishib chiqishdi. Ularga kutubxona xodimlari ushbu kutubxonaga aʼzo boʻlish, kitoblarni shu yerda va oʻzlari bilan olib ketib mutolaa qilish muddatlari, tartibi haqida tushunchalar berishdi.
Oybek nomli mahalla hududida joylashgan ushbu Axborot-kutubxona markazi faoliyati 2019-yilda yoʻlga qoʻyilgan. Zamonaviy koʻrinishdagi binoda joylashgan ushbu kutubxonada kitobxonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan boʻlib, bu yerda turli badiiy va ilmiy adabiyotlar mavjud. Axborot-kutubxona markazida ayni paytda 19330 ta nomdagi, 64168 ta nusxada kitoblar bor. Ularning 31922 tasi oʻzbek tilida, 981 tasi qoraqalpoq tilida, 31265 tasi esa xorijiy tildagi adabiyotlardir. Kutubxona xizmatidan foydalanuvchilar 16485 nafar boʻlsa, shundan 12176 nafarini yosh kitobxonlar tashkil etadi. Axborot-kutubxona markazida kitoblarning elektron nusxalari ham mavjud va kitobxonlarga bu xizmat turidan foydalanishlari uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Taʼkidlash joizki, yoshlar orasida kitob mutolaasini ommalashtirish, ularning maʼnaviyatini yuksaltirishga xizmat qiladigan bunday maʼrifat maskanlari – kutubxonalarning ahamiyati katta. Hozirgi paytda shu sababdan ham kutubxonalar xizmatini yuqori darajada tashkil etish va ularning moddiy-texnik bazasini boyitishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Barcha kutubxonalar qatori Amudaryo tumanidagi Axborot-kutubxona markazi xodimlarining ham Kutubxona fondidan foydalanish tizimini takomillashtirish, kitobxonlarga xizmat koʻrsatishda turli yoshdagi aholi qatlamlarining talab va ehtiyojlari, qiziqishlarini eʼtiborga olish, koʻrsatilayotgan qoʻshimcha xizmatlar turlarini yanada kengaytirish va sifatini oshirish muhim vazifadir. Bu dargoh zamonaviy asbob-uskuna va texnik vositalar bilan taʼminlanib, internet tarmogʻi oʻrnatilgan. Bunday sharoitlar kitobxonlar tashrifini yildan-yilga oshirib borish, ayniqsa, yoshlarni koʻproq jalb qilish imkoniyatini bermoqda.
Grant loyihasi doirasidagi tadbirda oʻquvchi-yoshlarga kutubxona haqidagi bu kabi qiziqarli maʼlumotlarni tinglash, jahon va milliy adabiyotning xilma-xil olami bilan tanishish maroqli boʻldi. Kitoblar olamiga sayohat yoshlarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Ozoda Xudoyberganova

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶