IChKI QIShLOQ YOʻLLARI TAʼMIRLANMOQDA
Mamlakatimizda “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida olib borilayotgan tub islohotlar va demokratik davlat barpo qilish yoʻlidagi saʼy-harakatlar biz uchun yagona va eng toʻgʻri yoʻl ekanligi bu boradagi keng miqyosli ishlarda aniq-ravshan koʻrinib turibdi.
Xalqimiz bekorga: “Yoʻling ravon boʻlsa, ishing unumli boʻladi”, “Yoʻl taʼmirlab, koʻpriklar qurganning ikki dunyosi obod”, degan purmaʼno hikmatlarni yaratmagan. Bu hikmatlarning hayotdagi ifodasi esa oʻzimiz har kuni yurib oʻtadigan yoʻllar holatidan ayon.
Soʻnggi yillarda Amudaryo tumanining umumfoydalanishdagi ichki yoʻllarida ham keng kamrovli qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, yoʻllarimiz ravonlashdi. Shuningdek, ichki qishloq yoʻllarida ham jiddiy taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 500-sonli Qaroriga asosan tuman hududidagi jami 37 km. uzunlikdagi ichki koʻcha yoʻllariga tosh yotqizish belgilangan boʻlib, bugungi kunda tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan 22,1 km. uzunlikdagi ichki koʻcha yoʻllariga tosh yotqizish ishlari yakunlandi va belgilangan hududlarda tosh yotqizish ishlari davom etmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Prezidiumining Qaroriga asosan joriy yilda tuman hududidagi 1 ta avtomobil yoʻli, 2 ta ichki yoʻllarni taʼmirlash belgilangan boʻlib, mazkur obʼektlarda pudratchi tashkilotlar tomonidan taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.
“Tashabbusli byudjet”ning 1-bosqich mablagʻlari hisobidan jami 16 ta obʼektlarda taʼmirlash ishlari belgilangan boʻlib, bugungi kunda belgilangan obʼektlarda taʼmirlash ishlari toʻliq yakunlandi.
Yoʻllarning tekis va ravonligi bilan birgalikda yoʻllar boʻyidagi ekotizim holatini yaxshilashga ham eʼtibor qaratilmoqda. Joriy yil “Yashil makon” umummilliy loyihasini xalqimiz hayotiga toʻliq tatbiq etish hamda daraxt ekish, parvarishlash va koʻkalamzorlashtirish tizimini samarali tashkil etish, tuman hududida mevali va manzarali daraxt koʻchatlari hamda qalamchalarini ekib koʻpaytirish boʻyicha bahor mavsumida 770 ming dona nihol ekish rejalashtirilgan edi. Ushbu reja oʻtgan davr mobaynida 102 foizga bajarildi, yaʼni tuman hududida 789,9 ming dona mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekildi.
Tumanning barcha ovul va mahalla guzarlarida, katta va ichki yoʻllar, koʻchalar boʻylarida ekilgan nihollarning unib-oʻsib ketishini taʼminlash maqsadida har bir tup koʻchat alohida eʼtiborga olingan. Oqar suv yetib bormaydigan hududlardagi nihollar suvsizlikdan qurib qolmasligi uchun tuman Obodonlashtirish boʻlimi tomonidan maxsus avtomobillarda sugʻorish yoʻlga qoʻyilgan.
Natijada soʻnggi uch-toʻrt yil ichida katta yoʻllar boʻylari, ichki dala yoʻllari hamda koʻchalar chetlari koʻkalamzor hududlarga aylandi. Taʼmirlanib, tekis va ravon boʻlgan ichki koʻchalar, qishloq yoʻllari boʻylarida yam-yashil daraxtlar qatorlari hosil boʻlib, yoʻlovchilar uchun ayni yozning jazirama kunlarida qulaylik yaratilganidan xalqimiz mamnun. Zero, yuqorida aytganimizday, yoʻllarning ravonligi ishning unumidir.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶