“Chilpiq” qalʼa-qoʻrgʻoni yodgorligi hududida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi
Bugungi tinch va farovon hayotimiz koʻp millatli xalqimizning mehnati samarasidir. Xususan, 130dan ziyod millat va elat vakillarining barchasi tinch-osoyishta hayot kechirib, Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshmoqdalar. Ularning oʻz urf-odat va rasm-rusumlarini toʻliq ado etishi, milliy anʼana va qadriyatlarini asrab-avaylashi uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Barcha millat va elat vakillari oʻz qadriyatlarini eʼzozlashi uchun yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalangan holda, Amudaryo tumanining Nazarxon ovulida joylashgan “Chilpiq” qalʼa-qoʻrgʻoni yodgorligida “Milliy qadriyatlarimiz va liboslarimiz – maʼnaviyatimiz koʻzgusi” mavzusida tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbirda tuman oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi Goʻzal Soburova, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlararo markazi direktori Gavxar Chimbaychiyeva, Choykoʻl ovuli xotin-qizlar faoli Saylixon Muratboyeva, Nazarxon ovuli va Besh tom mahallalarining xotin-qizlar faollari, koʻchaboshchilari, “Oqila ayollar” harakati yetakchilari va mahalla faollari ishtirok etishdi.
Tadbirda Nazarxon va Beshtom mahallalarida yashovchi oʻzbek, qoraqalpoq, qozoq va turkman millatlarining turmush tarzi, har millatning oʻziga xos urf-odatlari, milliy kiyimlari, oʻlan va laparlari, qoʻshiqlari haqida maʼlumotlar berilib, yor-yorlar, laparlar ijro etildi.
Milliy kashtachilik, quroqchilik sanʼati haqida maʼlumotlar berilib, qadimiy asbob-uskunalar, tegirmon toshlarida joʻxoridan yorma va un qilish, kuvida ayron tayyorlash kabi milliy anʼanalar yoshlarga amaliy koʻrsatib berildi. Shuning bilan birga tadbir ishtirokchilari “Chilpiq” qalʼa-qoʻrgʻoni yodgorligini ham sayohat qilishdi va katta taʼssurotlarga ega boʻlishdi.
Tadbir davomida Nazarxon ovul fuqarolar yigʻini xotin-qizlar faoli Guljahon Ibragimova boshchiligidagi nazarxonlik “Oqila ayollar” harakati aʼzolari “Chilpiq” qalʼa-qoʻrgʻoni etagida tikilgan oʻtovda oʻzbek, qoraqalpoq, qozoq, turkman xalqlarining milliy kiyim-kechaklari koʻrgazmasini tashkil etishdi.
Bundan tashqari, nazarxonlik “Oqila ayollar” milliylik ruhi singdirilgan kelin tushirish, qiz uzatish toʻylari, sunnat toʻylari, shuningdek, “tushovkesdi” marosimlarini amalda koʻrsatib berishdi va eshitgan koʻngillarga zavq bagʻishlovchi oʻzbek, qoraqalpoq, qozoq, turkman millatlarining turli xil marosim qoʻshiqlari, oʻlan va laparlarini ijro etdilar.
Quvonarlisi shundaki, shu kuni “Chilpiq” qalʼa-qoʻrgʻoni yodgorligi bilan tanishish uchun tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar ham xalqimizning betakror milliy-maʼnaviy qadriyatlarini oʻzida mujassam etgan urf-odat va anʼanalari bilan yaqindan tanishdilar hamda oʻzbek, qoraqalpoq, qozoq va turkman tillarida yangragan oʻlanlar, laparlarni maroq bilan tingladilar.
Milliy qadriyatlarimiz va liboslarimiz – maʼnaviyatimiz koʻzgusi” mavzusidagi ushbu tadbirning oʻtkazilishida Nazarxon ovuli va Beshtom mahalla fuqarolar yigʻinlarining koʻchaboshchi ayollari hamda “Oqila ayollar” harakati aʼzolari faollik koʻrsatdilar. Chunki koʻchaboshchi va oqila ayollar hayotining oʻzi bugungi yoshlar uchun ulkan tarbiya maktabi koʻzgusidir. Ular oʻz oilalarida nevara-chevaralarininggina emas, balki jamiyatning ham haqiqiy farishtalari, ulamolaridir. Ular oilaning va jamiyatning bus-butunligi, tinchligi va osoyishtaligini qaygʻurguvchi umumning izzatli onalari hisoblanadilar.
Davlatimiz bu nuroniy onaxonlarga ishonch va hurmat bilan jamiyatning axloq va odob farishtalari sifatida yuksak eʼtibor qaratayotgani ham bejiz emas.
Zamonlarning baland-past dovonlaridan oʻtgan sari qadriyatlar insonlarni tinchlik-totuvlikka, mehr-oqibatga, ezgulikka, hamjihatlikka chorlaydigan katta maʼnaviy kuchga aylana borgan.
Bunday qadriyatlar millatning kundalik hayotida, madaniyati va maʼnaviyatida, ongu shuurida, oʻzaro madaniy muloqotida, boshqalarga boʻlgan munosabatida, qisqasi, har bir tashlagan qadamida oʻz ifodasini topadi. Shuning uchun ham mutafakkirlar qadriyatlar millat maʼnaviyatining koʻzgusi, deyishgan.
“Chilpiq” qalʼa-qoʻrgʻoni yodgorligi hududida boʻlib oʻtgan tadbir xalqimiz maʼnaviyatining yorqin koʻzgusi sifatida barchada goʻzal taassurotlar qoldirdi.
Tadbir yakunida bir guruh faol ayol-qizlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandilar
Tazaxan Qdirniyazova, Nazarxon OFY faoli, 3-sonli maktab kutubxonachisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶