Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 59-sessiyasi toʻgʻrisida axborot
2023-yil 31-mart kuni Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 59-sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Sessiya ishida tuman Kengashi deputatlari, sektorlar rahbarlari, hokim oʻrinbosarlari, hokimlik masʼul xodimlari, huquq-tartibot organlari, boʻlimlar, jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Sessiyani tuman hokimi – Xalq deputatlari tuman Kengashi raisi Sultonboy Yoʻldashev ochdi va olib bordi.
Sessiya kotibligiga 2-Chordara saylov okrugidan deputat Muyassar Raxmatullayeva saylandi.
Sessiyada dastlab mahalliy byudjetning 2023-yil 1-yanvar holatiga aniqlangan erkin qoldiq mablagʻlari hisobidan ajratiladigan mablagʻlar toʻgʻrisida tuman hokimining birinchi oʻrinbosari Rashid Salayevning hisoboti tinglandi.
Keltirib oʻtilganidek, erkin qoldiq mablagʻlari hisobidan “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamgʻarmasining har biriga 22 mln. soʻm, “Fuqarolar tashabbusi” jamgʻarmasiga 44 mln. soʻm sarflanishi belgilangan. Deputatlar tuman hokimi oʻrinbosarining taklifini atroflicha muhokama qilib, bir ovozdan maqulladilar.
Sessiya ishida mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qilgan holda, hokim yordamchilari faoliyatining natijadorligini oʻrganish toʻgʻrisida tuman Xalq qabulxonasi boʻlimi mudiri Erkin Rajabovning axboroti tinglandi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan axborotda hokim yordamchilarining murojaatlar bilan ishlash samaradorligi boʻyicha maʼlumotlar berildi. Qayd qilinganidek, 2023-yil fevral oyida hokim yordamchilari tomonidan 499 nafar shaxsning bandligi taʼminlangan boʻlib, shundan 34 nafari doimiy ish bilan, 86 nafari haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etilgan boʻlsa, 940 nafari oʻzini-oʻzi band etgan.
Sessiya ishida “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yakinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi boʻyicha tuman Tibbiyot birlashmasi boshligʻi oʻrinbosari Hakimjon Sobirovning hisoboti tinglandi.
Hisobotda keltirib oʻtilganidek, 2022-yil davomida tumanda 18-40 yoshdagi aholi soni 38 463 nafarni tashkil etdi. Shundan tarmoq reja boʻyicha 37 477 nafar fuqaro profilaktik tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan. Oʻtkazilgan tibbiy koʻrik natijasida 4081 nafar fuqaroda kasallik aniqlangan. Shularning 406 nafari statsionar sharoitda 3675 nafari ambulator sharoitda sogʻlomlashtirilgan.
Sessiya davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Dehqon xoʻjaliklari tashkil etishni qoʻllab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan tuman Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Ilhom Palvonov hisobot berdi.
Hisobotda dehqon xoʻjaliklarini tashkil etish, chorvachilik, paxta-gʻallachilikni rivojlantirish maqsadida zahira yer maydonlarini ochiq elektron tanlovga qoʻyish boʻyicha taklif berildi. Taklif deputatlar tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.
Sessiya ishida “Oʻzbekiston Respublikasining Referendumi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq, tumandagi 64 ta referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar roʻyxatini tasdiqlash masalasi ham koʻrib chiqildi va mazkur masala yuzasidan Kengash qarori qabul qilindi.
Sessiya ishida kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar atroflicha koʻrib chiqilib, tuman Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi. Shuning bilan sessiya oʻz ishini yakunladi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶