Amudaryo tumanida roʻzadorlar uchun iftorliklar tashkil etilmoqda
Yurtimizga oylarning sultoni muborak Ramazon oyi kirib keldi. Albatta, bu oyni barcha vatandoshlarimiz hursandchilik va oʻzgacha tayyorgarlik bilan qarshi olishdi. Chunki, Ramazon oyida moʻmin-musulmonlarning rizqiga baraka, amallariga ulkan ajru savoblar ato etiladi. Zero, Alloh taolo Ramazon oyida moʻminlarga kunduz kunlari roʻza tutmoqlikni farz, tunlari tarovih namozini oʻqimoqlikni nafl qilib bergan. Roʻzadorlarga iftorlik qilib berish, muhtojlarga xayru sadaqalar ulashish ushbu oyga xos boʻlgan amallardan sanaladi.
Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan Respublikamizning barcha hududlarida roʻzadorlar uchun iftorliklar tashkil qilinmoqda. Jumladan, Amudaryo tumanining Toʻlqin ovul fuqarolar yigʻinidagi mahalla guzarida ham 23-mart kuni roʻzadorlar uchun iftorlik tashkil etildi. Unda tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev ham ishtirok etdi.
Tuman bosh imom-xatibi Abdurahmon Matsapayev Qurʼon tilovat qildi hamda Ramazon oyi fazilatlari, ushbu oyda bajarilishi farz qilingan amallar xususida maʼruza qilib, yurtimizga tinchlik-omonlik, oilalarga fayz-u, baraka tilab duolar qildi.
Darhaqiqat, muborak Ramazon oyi odamlar uchun hidoyat va toʻgʻri yoʻl hamda haq bilan botilni ajratuvchi ochiq oyatlardan iborat Qurʼon nozil qilingan oydir. Ramazon oyi har doim oylarning sultoni, sayyidi, eng yaxshisi boʻlib kelgan va hamisha shunday boʻlib qolaveradi.
Ramazon oyi roʻza, tarovih va tilovat oyi boʻlib, uning roʻzasini tutish farz, tarovih namozini oʻqish sunnat, Qurʼoni karimni xatm qilish esa fazilatdir.
Ramazon shunday qadrli va gʻanimat oydirki, unda tutilgan roʻzaning savobini bevosita Alloh taoloning Oʻzi beradi. Ramazon oyi oʻzaro birdamlik, mehribonlik koʻrsatiladigan, insonlar bir-birlari haqida qaygʻurib, xato-kamchiliklarini kechiradigan oydir.
Roʻzadorlarga iftorlik qilib berish esa hadisi sharifda savobi ulugʻ amallardan biri ekanligi keltirib oʻtilgan.
24-mart kuni Qilichboy ovul fuqarolar yigʻinida ham roʻzadorlarga iforlik tashkil qilindi. Unda tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev, hokim oʻrinbosari Nodirbek Kamalov ishtirok etdi.
Amudaryo tumani “Yoqub eshon bobo” masjidi imom-xatibi Dastonbek Babajanov Qurʼon tilovat qildi. Ramazon oyi savoblar yigʻiladigan, gunohlar kechiriladigan muborak oylardan biri ekanligini taʼkidladi. Shuningdek, bu muborak oyning roʻzasini ixlos bilan tutib, har bir daqiqasini gʻanimat bilib, koʻproq ibodat va yaxshiliklar qilib qolish lozimligini aytib oʻtdi. Hamda Ramazon oyi fazilatlari, roʻzadorlar amal qilishi lozim boʻlgan amallar xususida maʼruza qildi.
Iftorlikda barcha roʻzadorlar qoʻllarini duoga ochib, yurtimizga tinchlik-omonlik, qut-baraka tiladilar. Roʻzadorlar uchun bu kabi iftorliklar tumanimizning barcha hududlarida tashkil etiladi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶