“YoSh QUTQARUVChI” MUSOBAQASI OʻTKAZILDI
Favqulodda vaziyatlarda fuqaro muhofazasini toʻgʻri tashkil etish, ayniqsa, yoshlarning murakkab sharoitlarga tushib qolgan insonlarga yordam berishda asosiy eʼtibor qaratishlari kerak boʻlgan holatlar boʻyicha bilim va koʻrikmalarini rivojlantirish maqsadida Amudaryo tumani Favqulodda vaziyatlar boʻlimi tomonidan umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari ishtirokida turli amaliy-oʻquv mashgʻulotlari, “Yosh qutqaruvchi” musobaqalari oʻtkazilib kelinmoqda.
Ayniqsa, umumtaʼlim maktablarining chaqiriqqa qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani rahbarlari bilan Favqulodda vaziyatlar boʻlimining hamkorligi asosidagi tadbirlar oʻquvchi-yoshlar qalbida vatanparvarlik, mehr-oqibat tuygʻularini yanada mustahkamlab, har qanday murakkab vaziyatda ham ona Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish tuygʻusini uygʻotmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi – Fuqaro muhofazasi boshligʻining 2023-yil 27-fevral kungi “Yosh qutqaruvchi” koʻngillilar klublari faoliyatini yanada jonlantirish va oʻquvchi-yoshlar orasida “Yosh qutqaruvchi” musobaqasini oʻtkazishni samarali tashkil etish toʻgʻrisida”gi 3-sonli buyrugʻining ijrosini taʼminlash maqsadida Amudaryo tumanidagi Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 44 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida boʻlib oʻtgan “Yosh qutqaruvchi” musobaqasi amudaryolik yoshlar jismonan va aqlan yetuk insonlar boʻlib shakllanayotganini amalda namoyon etdi.
Musobaqada Qoraqalpogʻiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boʻlim boshligʻi, kapitan Koʻptileu Bekniyazov, mazkur boshqarma mutaxassisi Murod Utemuratov va Amudaryo tumani Favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari, mayor Salamat Berdekeyev, boʻlinma boshliqlari kapitan Behzod Tajibayev hamda kapitan Bexzod Allabergenov, Yoshlar ishlari agentligi Amudaryo tumani boʻlimi boshligʻi xodimi Sardor Qoʻrabayevlar hamda umumtaʼlim maktablarining chaqiriqqa qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilari, oʻquvchi-yoshlar ishtirok etdilar.
Musobaqada umumtaʼlim maktablarining yosh qutqaruvchilar jamoalari orasida oʻzlarining epchilliklari va bilimdonliklarini namoyon etgan 8 ta jamoa gʻoliblik uchun kuch sinashdilar.
Qizgʻin bahslarga boy, doʻstona vaziyatda oʻtgan musobaqaning yakuniy natijalariga koʻra, 59-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining “Burgutlar” jamoasi 3-oʻrinni, 1-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining “Qalqon” jamoasi 2-oʻrinni va 28-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining “Yosh qutqaruvchilar” jamoasi faxrli 1-oʻrinni egalladilar.
Musobaqa gʻoliblariga Amudaryo tumani xokimligi, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va Yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimi tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari berildi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶