IShChI GURUH TUMAN AHOLISIGA QIShNI BETALOFAT OʻTKAZIShGA KOʻMAKLAShMOQDA
Joriy yilning qish mavsumidagi anomal sovuq xalqimizning hamjihatligini jiddiy sinovdan oʻtkazmoqda. Sovuq ob-havo tufayli isteʼmolchilarning elektr energiyasi, tabiiy gaz, koʻmirga boʻlgan ehtiyoji oshib ketadi. Natijada ayrim transformatorlar ortiqcha yuklama bilan ishlagani bois, nosozliklar kelib chiqmoqda.
Ana shunday murakkab sharoitda Amudaryo tuman aholisiga qishdan betalofat chiqishda koʻmaklashish, ularning normal hayot kechirishlarini taʼminlash uchun tumanda “Tezkor shtab” tuzilib, elektr energiyasi, tabiiy gaz, koʻmir hamda ichimlik suv taʼminoti, bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlari narx-navolari barqarorligi va jamoat xavfsizligini taʼminlash yuzasidan faoliyat yuritmoqda.
Shu maqsadda tuzilgan ishchi guruh tarkibiga tuman hokimligi, huquqni muhofaza qilish organlaridan tashqari tumanimizda faoliyat yuritayotgan korxona-tashkilotlar rahbarlari, mutaxassislari kiritilgan. Ular qish mavsumida elektr energiya, tabiiy gaz, koʻmir hamda ichimlik suvi taʼminoti, bozorlardagi oziq-ovqat mahsulotlari narx-navolari va jamoat xavfsizligi barqarorligini taʼminlash boʻyicha shaxsan masʼul ekanligi belgilangan.
Mazkur sohalarda tashkil etilgan kun-u tun navbatchilik qiladigan avariya brigadalari sohalarda sovuq tufayli kelib chiqqan nosozliklarni tezkor bartaraf etib, aholi muammolarini hal qilishmoqda.
Bu borada tegishli sohalar bilan birgalikda tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi xodimlari amalga oshirilayotgan ishlar ahamiyati juda yuqori. Ular aholi xonadonlarida, ijtimoiy soha obʼektlarida kelib chiqishi mumkin boʻlgan yongʻinlarning oldini olish, is gazidan zaharlanishdan saqlanish borasida targʻibot tadbirlarini kuchaytirmoqdalar.
Boʻlim xodimlari shu yilning 21-yanvarida Oybek nomli mahallada, mahalladagi xonadonlarda boʻlib, qish mavsumini betalofat oʻtkazish, yongʻinlarning oldini olish yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borishdi va tabiiy gaz, elektr energiyasidan foydalanishini nazorat qildilar.
Buningdek tadbirlar Mangʻit shahrining Boʻston, Navoiy nomli mahallalarida ham davom ettirildi. Soha xodimlari aholiga tabiiy gaz, elektr energiyasidan xavfsizlik qoidalariga amal qilgan holda foydalanish yuzasidan taviyalar berdilar va mavjud ahvol nazorat qilinib, kamchiliklar joyida bartaraf etildi.
Shuni eʼtirof etish joizki, ishchi guruh tomonidan muammoli vaziyatlarni tezkor va odilona hal qilinib, elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berishda uzilishlar boʻladigan boʻlsa, aholini oldindan xabardor qilish tartibi yoʻlga qoʻyildi. Joriy yilning 22-yanvar kuni tabiiy gaz bosimi past boʻlgan Oybek mahallasidagi 65 ta xonadonga 4 tonna koʻmir tarqatildi.
Amalga oshirilayotgan buningdek chora-tadbirlar tumanimiz aholisining qish mavsumini talofatlarsiz oʻtkazishiga, tinch-osuda hayoti taʼminlanishiga asos boʻlayotir.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶