YuRT HIMOYaSIGA MUNOSIB YoShLAR TARBIYaLAYoTGAN USTOZ
Tor yop mahallasidagi 51-sonli maktabning harbiy chaqiriqqa tayyorgarlik rahbari, isteʼfodagi harbiy ofitser Davronbek Davletmurodov ayni paytda yoshlarga harbiy taʼlim boʻyicha boshlangʻich bilimlarni berib kelmoqda.
Maktabga 2021-yildan ishga kelgan Davronbek yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, boshlangʻich harbiy taʼlimni oʻrgatishda sohadagi koʻp yillik tajribasi va bilimlaridan unumli foydalanmoqda. U dastlab maktabda ajratilgan alohida xonaning mashgʻulotlar sifatli tashkil qilinishi uchun zarur koʻrgazmali vositalar bilan jihozlanishiga eʼtibor qaratdi. Gazniqob, maxsus harbiy kiyimlar, qurol-aslahalar maketlari kabi zarur koʻrgazmali vositalarni keltirdi. Sinfda xotira burchagini tashkil qildi va unda Vatanimiz sarhadlari daxlsizligini taʼminlashda halok boʻlganlar toʻgʻrisida fotolavha va maʼlumotlarni joylashtirdi.
Taʼlim sifatini oshirish, jumladan, yoshlarda harbiylikka havasni kuchaytirish maqsadida tumandagi harbiy qismlar va Mudofaa boʻlimi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyib, harbiylar bilan oʻquvchi-yoshlarning uchrashuvlarini ham tashkil qilib kelayotgan maktabning chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik rahbariga oʻzining harbiy xizmat mobaynidagi tajribalari juda qoʻl kelmoqda.
Davronbek 2000-2004-yillarda Toshkent Oliy Umumqoʻshin qoʻmondonlik bilim yurti kursanti boʻldi. Oʻqishni tugatganidan soʻng, 2006-yildan 2021-yilgacha turli viloyatlardagi harbiy qismlarda masʼuliyatli lavozimlarda xizmat qildi. Xizmat davri mobaynida “Mustaqillikning 20 yilligi” va “Mustaqillikning 25 yilligi” esdalik nishonlari bilan taqdirlandi. Undan tashqari, bu vatanparvar harbiyga bir necha bor Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Faxriy yorliq va minnatdorchilik xatlari ham topshirildi. Otasi Xoʻjamurod aka va onasi Oʻrozgul opalarga ham 2018-yilda Janubi-Gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonining tashakkurnomasi berilganida Vatan koriga yaraydigan mard oʻgʻlon voyaga yetkazishganidan juda faxrlanishgan edi.
Harbiy sohada samarali xizmat qilib, isteʼfoga chiqqan Davronbek tuman Mudofaa boʻlimi tomonidan yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga hissa qoʻshishga jalb etilganidan soʻng, oʻz bilim va tajribalarini oʻquvchilarga oʻrgatishni sharaf deb bildi. U ayni paytda oʻzi faoliyat koʻrsatayotgan maktabda nazariy va amaliy mashgʻulotlar tashkil etish bilan birga “Yosh qutqaruvchi”, “Temurbeklar” singari tanlovlarni ham oʻtkazib, oʻquvchilar egallayotgan bilimlarni sinovdan oʻtkazib bormoqda.
Harbiy xizmatchilar hayoti bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tumandagi harbiy qismlarda oʻtkaziladigan "Ochiq eshiklar kuni" tadbirlarida ham maktab oʻquv-chilarining ishtirokini taʼminlab, ular qalbidagi yurtga muhabbat va burchga sadoqat tuygʻularini mustahkamlamoqda. Oʻquvchilar ham chaqiriqqa qadar boshlangʻich tayyorgarlik koʻnikmalarini shakllantirayotgan, harbiylikka qiziqishlarini oshirayotgan, qalblaridagi vatanparvarlik tuygʻularini yanada mustahkamlayotgan ustozdan juda minnatdor.
Mamlakat kelajagini yaratishda shijoatli, qatʼiy va maqsadni aniq qoʻyib, shu asosda harakat qiladigan yoshlarning oʻrni katta. Shu sababli 51-sonli maktabning harbiy chaqiriqqa tayyorgarlik rahbari Davronbek Davletmurodov yosh avlodning yurt himoyasiga munosib, mard va jasur, haqiqiy vatanparvar boʻlib kamolga yetishiga hissa qoʻshib, harbiylikka doir bilimlarni mukammal oʻrgatishga harakat qilmoqda.
Ozoda Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶