BOLALAR HUQUQLARI TAʼMINLANIShIGA MASʼULMIZ
Bola huquqlarini taʼminlash, bolalarni har tomonlama yetuk, komil inson qilib tarbiyalash – jamiyatimizda muhim masala boʻlib kelgan. Ayniqsa, mustaqillik yillaridan bu masalaga alohida eʼtibor berib kelinmoqda. Yurtboshimiz Sh.Mirziyoyevning “Bizning kelajagimiz, eng asosiy ishonchimiz, madad-tayanchimiz – bu oʻsib kelayotgan yosh avloddir. Men oʻzimning taqdirimni ham, mamlakatimiz va mustaqilligimiz taqdiri va kelajagini ham ana shu yoshlar qiyofasida, ularning pok qalbi, erkin tafakkuri, mustahkam irodasi va dunyoqarashida koʻraman”, degan soʻzlari alohida ahamiyat kasb etadi.
Tuman FHDYo boʻlimi tomonidan ham nikoh, tugʻilganlik, otalikni belgilash va farzandlikka olish boʻyicha hujjatlarni qayd etish, bu boradagi huquq va majburiyatlarni fuqarolarga keng tushuntirish ishlari amalga oshirilmoqda. Shu yilning 11 oyi davomida tuman FHDYo boʻlimida 4737 nafar bolaga tugʻilganlik haqidagi guvohnoma berilgan boʻlsa, ularning 2392 nafarini oʻgʻil bolalar, 2345 nafarini esa qiz bolalar tashkil etadi. Otalikni belgilash boʻyicha 162 ta, farzandlikka olish boʻyicha 35 ta hujjat, 1539 ta nikoh rasmiylashtirildi.
Bola huquqlariga oid milliy qonunchilik deganda, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-, 65-moddalariga eʼtibor qaratish lozimdir. Ushbu moddalarda ota-onalar oʻz farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburligi, davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum boʻlgan bolalarni boqish, tarbiyalash va oʻqitishni taʼminlaydi, bolalarga bagʻishlangan xayriya faoliyatlarini ragʻbatlantiradi, deb koʻrsatib oʻtilgan. Shuningdek, farzandlar ota-onalarining nasl-nasabidan va fuqarolik holatidan qatʼiy nazar, qonun oldida tengligi, onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinishi belgilab qoʻyilgan.
Bolalarga masʼul boʻlgan shaxslar ularning dunyoga kelishi bilan paydo boʻladigan haq-huquqlarini taʼminlashi va fuqarolik holatini qayd etishlari zarur. Ammo ayrim fuqarolar oʻz farzandlarining tugʻilganligini qayd qilish, guvohnoma olishga eʼtiborsizlik bilan qarashadi. Bolalarni himoya qilish, asrab-avaylash – har birimizning vazifamizdir. Butun insoniyat va insonparvar jamiyat uchun bu muhim, doimiy eʼtibordagi masala hisoblanadi.
S.Xolboyeva,
tuman FHDYo boʻlimi mudirasi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶