“Yangi yil” va “Prezident archasi” bayram tadbirlarida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha maxsus-taktik oʻquv mashqi oʻtkazildi
Yangi yil bayramini yorqin bezatilgan archasiz tasavvur qilish qiyin. Biroq, Yangi yil archasi yongʻin xavfsizligi qoidalariga muvofiq oʻrnatilsagina, koʻngilsiz holatlarning oldi olinadi.
“Yangi yil” va “Prezident archasi” bayram tadbirlari davomida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida 26-dekabr kuni Amudaryo tumani Favqulodda vaziyatlar boʻlimi hamda Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish davlat quyi tizimi xodimlari hamkorligida Olmazor mahallasidagi Xotira maydoniga oʻrnatilgan Yangi yil archasi atrofida koʻrgazmali maxsus-taktik oʻquv mashqi oʻtkazildi.
Oʻquv mashqiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boʻlim boshligʻi mayor Baxtiyar Jiyemuratov rahbarlik qildi. Unda tuman Favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizim rahbarlar tarkibi hamda xodimlari ishtirok etishdi.
Maxsus-taktik oʻquv mashqida archaning mustahkam asosga oʻrnatilgani, soz elektr marjonlari bilan bezatilgani, yengil alangalanuvchi oʻyinchoqlar, paxta, shagʻam va qogʻozlarning ishlatilmagani koʻzdan kechirilib, Yangi yil archasi oldida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarga toʻxtalib oʻtildi.
Koʻrgazmali oʻquv mashqi 3 bosqichda oʻtkazildi. Birinchi bosqichda tumandagi telekommunikatsiya tarmogʻidan “yigʻin” signali orqali tuman favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizimi xizmatlari shaxsiy tarkibi va kuch vositalari yigʻilib, saf koʻrigi oʻtkazildi.
Ikkinchi bosqichda tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, yaʼni kuchli shamol natijasida “Prezident archasi” konstruktsiyasining qulashi oqibatida Favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizimi xizmatlari tomonidan archa konstruktsiyasi tagida qolgan fuqarolar va jabrlanganlarni evakuatsiya qilish hamda birinchi tibbiy yordam koʻrsatish ishlari amalda koʻrsatib berildi.
Maxsus taktik-oʻquv mashqida kuchli shamol oqibatida elektr toki simlarida qisqa tutashuv yuz berib, archada yongʻin sodir boʻlganda Favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizimi xizmatlari tomonidan aholini xavfsiz hududga evakuatsiya qilish, shuningdek, yongʻin-qutqaruv ekipajlari tomonidan yongʻinlarni oʻchirish va talofatlarni bartaraf etish, archaga ulanib turgan elektr manbalarini ajratish boʻyicha amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar koʻrsatib berildi.
Uchinchi bosqichda esa “Yangi yil” bayrami va “Prezident archasi” tadbiri oʻtkazilayotgan davrda sodir boʻlishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarda ommaviy tartibsizliklarning oldini olish hamda huquqbuzarliklarni aniqlash, tartibbuzarlarni qoʻlga olish va olib ketish, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tuman Ichki ishlar boʻlimi hamda Milliy gvardiyaning Qoʻriqlash boʻlimi harakatlari amaliy tarzda koʻrsatib berildi.
Maxsus-taktik oʻquv mashqiga tuman Favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizimi xizmatlarining jami 73 nafar ishchi-xodimlari, 13 ta maxsus texnikalar jalb qilindi va favqulodda holatlarga “Cheklangan tayyor” deb baholandi.
X.Matyakubov, Amudaryo tumani FVB boshligʻi podpolkovnik

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶