TUMAN HOKIMI MAKTAB DIREKTORLARI BILAN UChRAShIB, TAʼLIM SIFATINI OShIRISh MASALASINI MUHOKAMA QILDI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026-yillarda xalq taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmonida maktab oʻquvchilarining bilimi va koʻnikmalarini shakllantirish, ularni milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oʻqituvchi kasbi nufuzini va pedagoglarning sifat tarkibini oshirish borasidagi vazifalar belgilab berilgan.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish mexanizmlari Prezidentning “Xalq taʼlimini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarorida oʻz aksini topgan. Endilikda qarorga asosan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish va bu borada maktab direktori, ota-onalar va mahalla raislari maʼsuliyatini kuchaytirish maqsadida respublikamizning barcha tuman, shaharlari kesimida reytingi shakllantiriladi. Bunda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar holati har yili oʻquv yili yakunida Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlangan mezonlar boʻyicha baholanadi. Muassasalar reyting koʻrsatkichlariga koʻra “Yashil”, “Sariq” va “Qizil” toifalarga ajratiladi.
Qarorda shuningdek tuman, shahar hokimliklariga taʼlim sifatini oshirish, oʻquvchilar bilim olishlari uchun qulay sharoitlarni yaratish, oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan birgalikda intiluvchan, namunali oʻquvchilarni ragʻbatlantirib borish vazifasi ham yuklangan.
Mazkur vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida 13-dekabr kuni Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimi majlislar xonasida tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev tuman Xalq taʼlim boʻlimi xodimlari, tumandagi maktablar direktorlari bilan yigʻilish oʻtkazdi.
Yigʻilishda tuman hududidagi umumiy oʻrta taʼlim maktablarida taʼlim-tarbiya ishlarining borishi, taʼlim sifatini yanada oshirish borasida tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.
Taʼkidlanganidek, jamiyat taraqqiyoti, milliy farovonlik hamisha yosh avlodning taʼlim-tarbiyasi bilan bogʻliq boʻlib kelgan. Keksa avlod erishgan yutuqlarga, ular toʻplagan tajribalarga tayangan holda yoshlarni taʼlimga doir eng ilgʻor zamonaviy usullarda oʻqitish, Yangi Oʻzbekistonning yuksak maʼnaviyatli, mustaqil fikrlashga qodir, mamlakatimiz, millatimiz tarixini yaxshi biladigan, bugungiday tinch-osoyishta, baxtiyor kunlarni qadrlaydigan va uni asray oladigan qilib kamol toptirish muhim vazifadir.
Bu borada tumanimizda oʻquvchilari fan, sanʼat, adabiyot, sport sohasida oʻz iqtidorlarini namoyon etayotgan maktablar tilga olindi. Shuningdek, maktablarda oʻqituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish, oʻquvchilarga oʻz fanini chuqur oʻrgatishda muayyan yutuqlarga erishayotgan ustoz-muallimlarni ragʻbatlantirib borish, qoʻllab-quvvatlash borasida ham fikr almashildi.
Taʼlim va tarbiya uygʻunligi – taraqqiyotga erishish kafolatidir. Sohaga qaratilayotgan eʼtibor, ajratilayotgan mablagʻlar, yaratilayotgan sharoitlardan koʻzlangan maqsad ham barkamol avlodni kamolga yetkazishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Yigʻilishda Xalq taʼlimi boʻlimi masʼullari va maktablar direktorlari taʼlim maskanlarida sifat va samaradorlikni oshirish boʻyicha rejalarini bayon qildilar.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶