“YoSh KITOBXON” KOʻRIK-TANLOVINING AMUDARYo TUMAN BOSQIChI GʻOLIBLARI ANIQLANDI
Sport, sanʼat, kompyuter savodxonligi, badiiy hunarmandchilik va kitobxonlik yoʻnalishlari boʻyicha zukko, bilimdon yoshlarni birlashtirgan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida oʻtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar qamrovi tobora kengayib, eng chekka qishloq va mahallalar yoshlarining ijtimoiy-maʼnaviy faolligini oshirishga xizmat qilmoqda. Ayni paytda butun mamlakatimiz boʻylab “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi tadbirlarning ikkinchi mavsumi muvaffaqiyatli tarzda davom etmoqda.
Joriy yilning 31-oktyabr sanasida Amudaryo tuman Mahalla boʻlimi binosida mazkur olimpiadaning ikkinchi mavsumi doirasidagi “Yosh kitobxon” Respublika koʻrik-tanlovining tuman bosqichi boʻlib oʻtdi.
Koʻrik-tanlov oʻtkaziladigan Mahalla boʻlimining foyesi maʼnaviy-maʼrifiy mavzudagi shiorlar, oʻzbek va jahon adabiyoti buyuk namoyondalarining inson kamoloti, aql-idrok, mehnatsevarlik, ona Vatanga muhabbat, insonparvarlik haqidagi fikrlari bitilgan lavhalar bilan bezatildi. Har bir ishtirokchi koʻrik-tanlovda oʻzini emin-erkin tutishi, fikrlarini ravon bayon etishlarini taʼminlash maqsadida koʻrik-tanlov Nizomi va tartib-taomillari bilan oldindan tanishishlari uchun sharoit yaratildi.
Koʻrik-tanlovda 10-14, 15-19, 20-30 yosh toifasida sektorlar boʻyicha 1-2-3-oʻrinlarni egallagan yosh kitobxonlar oʻz bilimlarini sinovdan oʻtkazdilar.
Koʻrik-tanlov shartlariga koʻra, har bir yosh toifasidagi kitobxon yoshlar oʻzlari oʻqigan kitoblarning qahramonlari, asar gʻoyasi, ulardagi dialoglarning tarbiyaviy ahamiyati, asarning yoshlar hayotida tutgan oʻrni haqida batafsil maʼlumot berdilar.
Qizgʻin bahs-munozaralar, biri-biridan qiziqarli savol-javoblar tarzida oʻtgan bellashuvlarda 10-14 yoshli kitobxonlar orasida 1-oʻrin Durunki mahallasi zukko kitobxoni Rayhon Ibragimovaga, 2-oʻrin Yangiobod mahallasidan Malika Norboyevaga, 3-oʻrin esa Dinoraxon Masharipovaga nasib etdi.
Koʻrik-tanlovning 15-19 yoshli kitobxonlar bahslarida barcha savol-topshiriqlarni aʼlo va mukammal darajada bajargan Qipchoq ovulidan Nilufar Turkmanboyeva 1-oʻrin sohibasi boʻldi. 2-oʻrinni Yangiobod mahallalik iqtidorli kitobxon Iroda Norboyeva, 3-oʻrinni Oq oltin ovulidan Shahzoda Olimboyevalar egallashdi.
Doʻstona va samimiy ruhda oʻtgan bellashuvlarda 20-30 yoshlilar yanada faol ishtirok etishdi. Gʻoliblik uchun boʻlgan bahslarda yoshlar oʻzlarining haqiqiy kitobxon, bilimga intiluvchanliklarini namoyon etishdi. Yakuniy natijaga koʻra, mazkur yosh toifasidagi kitobxonlar bahsida Bobur nomli ovuldan Mahliyo Qoʻziboyeva 1-oʻrinni, Boʻz solma mahallasidan Gulsara Otamurodova 2-oʻrinni, Bosuv mahallasidan Maftuna Rajabboyeva 3-oʻrinni egalladilar.
Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ularning dunyoqarashini yanada kengaytirish, zukko va bilimdon insonlar qilib tarbiyalashga qaratilgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi mavsumi doirasida oʻtkazilgan “Yosh kitobxon” Respublika koʻrik-tanlovining Amudaryo tuman bosqichi taassurotlarga boy, qiziqarli tarzda oʻtkazildi va gʻoliblar maʼnaviy ragʻbatlantirilib, ularga mazkur koʻrik-tanlovning Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichiga yoʻllanmalar berildi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶