Tuman Adliya boʻlimiga yil boshidan shu kunga qadar jami 237 ta ariza va shikoyatlar kelib tushgan
Yurtimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, qonun ustuvorligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan jamiyat va davlat qurilishi sohasida norma ijodkorligi, huquqni qoʻllashda yagona davlat siyosatini izchil amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan adliya organlari oʻzining bu boradagi vazifalarini samarali bajarib kelmoqda. Shu bilan bir qatorda davlatimiz tomonidan adliya organlari faoliyatiga alohida eʼtibor qaratilib, soha faoliyatini takomillashtirishga doir bir qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Maʼlumki, shu yil 17-martdagi “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda huquqiy xizmat koʻrsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoniga muvofiq adliya tizimida yagona boshqaruvni joriy qilish uchun Davlat xizmatlari agentligi bevosita Adliya vazirligiga, ularning hududiy tuzilmalari esa hududiy adliya organlariga qoʻshilib, ularning faoliyati yanada takomillashdi.
Ushbu islohotlar doirasida faoliyat koʻrsatib kelayotgan Amudaryo tumani Adliya boʻlimiga joriy yil boshidan bugungi kunga qadar jami 237 ta ariza va shikoyat kelib tushgan. Ushbu murojaatlarning 194 tasini ariza, 43 tasini shikoyat tashkil qildi. Kelib tushgan murojaatlarning 225 tasi hal qilindi. Shundan qanoatlantirilgan ariza va shikoyatlar 189 tani, huquqiy tushuntirish berilgan murojaatlar 36 tani tashkil qildi.
Boʻlimga qarashli Davlat xizmatlari markazida 10 nafar xodim ishlaydi. Shu kungacha koʻrsatilgan davlat xizmatlari 40 ming 487 tani tashkil qiladi. Sayyor davlat xizmatlari 1417 taga yetdi. Shuningdek, 863 ta tadbirkorlik subʼektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Shundan 243tasi yuridik shaxslar, 620 nafari yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shugʻullanishni boshlagan jismoniy shaxslardir. Qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan tadbirkorlik subʼektlari soni 263tani tashkil qildi. Undan tashqari, Davlat xizmatlari markazi filiallari tomonidan koʻrsatilgan davlat xizmatlari soni 4712 taga, internet orqali koʻrsatilgan xizmatlar soni 529 taga yetdi.
2022-yilning 3-choragida bevosita Adliya boʻlimi masʼullarining shaxsiy qabulida jami 218 nafar, sayyor qabullarda 19 nafar fuqaro qabul qilingan. Boʻlim tomonidan 2022-yil 3 chorak davomida sudlarga 61 nafar fuqaroning manfaatida arizalar kiritilib, shundan 46 tasi qanoatlantirildi. 15 ta fuqarolik ishi koʻrib chiqilish jarayonida.
Daʼvo arizalarning 52 tasi fuqarolik sudlarga, 9 tasi maʼmuriy sudlarga kiritilgan. Daʼvo arizalari natijasida fuqarolarga jami 188 mln. soʻm ish haqlari undirib berilgan. Maʼmuriy sudlar tomonidan 6 ta mansabdor shaxslarning qarorlari va xatti-harakatlari gʻayriqonuniy deb topildi.
Boʻlim tomonidan 3-chorak davomida inson huquqlarini himoya qilish sohasida monitoring va oʻrganishlar oʻtkazildi. Oʻtkazilgan oʻrganish va monitoringlar davomida idora va tashkilotlar tomonidan inson huquqlari sohasida qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Mazkur oʻrganish va monitoringlar davomida hamda fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosida aniqlangan qonunbuzilish holatlari boʻyicha idora va tashkilotlarga inson huquqlari sohasida taqdimnomalar va ogohnomalar kiritildi.
Kiritilgan taqdimnomalarga asosan qonunbuzilish holatiga yoʻl qoʻygan shaxslar intizomiy javobgarlikka tortildi, byudjetga va fuqarolarga 263 mln. soʻm pul mablagʻlari qayta toʻlandi. Shuningdek, oʻrganishlar va fuqarolardan tushgan murojaatlar asosida oʻtgan toʻqqiz oy davomida Adliya boʻlimi tomonidan 6 nafar mansabdor shaxsga nisbatan toʻgʻridan-toʻri maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi, idora va tashkilotlarning 41 nafar xodimiga nisbatan maʼmuriy javobgarlikka tortish yuzasidan takliflar berildi.
Sohadagi islohotlar davlat xizmatlarini koʻrsatishning jadal rivojlanishiga, soddalashishiga, shaffoflikni taʼminlashga va aholining davlatga nisbatan ishonchi oshishiga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi oʻz oldiga demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurishni bosh maqsad qilgan ekan, adliya boʻlimlari uchun yagona davlat huquqiy siyosatini, jumladan huquq ijodkorligi faoliyatini sifatli tashkil etish, idora va tashkilotlarda izchil va bir xil huquqni qoʻllash amaliyotini shakllantirish, inson huquq va erkinliklarining samarali himoya qilinishini taʼminlash hamda aholining huquqiy madaniyatini yanada oshirish asosiy vazifa boʻlib qolaveradi.
B.Sobirov, tuman Adliya boʻlimi yetakchi maslahatchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶