Muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilar saralanmoqda
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar safini har tomonlama yetuk, sogʻlom, jismonan baquvvat, intellektual salohiyatli chaqiriluvchilar bilan toʻldirish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda, Respublikamiz boʻylab muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni saralash jarayonlari davom etmoqda. Shuningdek, saralash ishlari davomida chaqiriluvchilar ongida milliy gʻurur, ona yurtga sadoqat, vatanparvarlik va millatparvarlik tuygʻusini kuchaytirish borasida ham targʻibot tadbirlari olib borilmoqda.
Shu kunlarda butun Respublikamizda boʻlgani singari Amudaryo tumanida ham Oʻzbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-aprel kungi “Chaqiriluvchilarni tanlab olish toʻgʻrisida”gi 291-sonli qarori asosida tuzilgan tanlov Kengashi tomonidan Mudofaa ishlari boʻlimi bilan hamkorlikda fuqarolarni 2023-yilgi harbiy xizmat chaqiruviga saralab olish maqsadida tanlov tadbirlari olib borilmoqda.
Muddatli harbiy xizmatga tanlov tadbirlari 2022-yilning 10-avgust sanasidan 2023-yilning 10-fevral kuniga qadar olib boriladi. Tanlov tadbirlarida, 18 yoshdan 27 yoshgacha boʻlgan yaʼni 1996-2005-yillarda tugʻilgan va ilgari harbiy xizmatni oʻtamagan yigitlar qatnashdilar. Ushbu tanlov tadbirlarida qoʻyilgan sinovlardan muvaffaqiyatli ravishda oʻtgan yigitlar muddatli harbiy xizmatga joʻnatiladi.
Tanlovlar 2 ta yoʻnalish boʻyicha olib boriladi. Dastlab, chaqiriluvchilarning jismoniy tayyorgarlik darajasi baholanadi. Shundan soʻng, yakka tartibdagi suhbat boʻlib oʻtadi. Suhbat natijalari eʼlon qilingandan soʻng chaqiriluvchilar tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Tibbiy koʻrik natijalariga koʻra, jismonan sogʻlom va baquvvat yigitlar harbiy xizmatga yuboriladi.
Tumanimizda ham chaqiriluvchilarning jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash uchun toʻsiqqa tortilish, 100 metrlik hamda 3000 metrli masofaga yugirish boʻyicha sinovlar boʻlib oʻtdi. Ushbu sinovlarda muvaffaqiyatli qatnashgan, belgilangan shartlarni oʻz vaqtida epchillik bilan bajargan yigitlar suhbatga qatnashish imkoniyatiga ega boʻlishdi.
Tuman Mudofaa ishlari boʻlimi binosida boʻlib oʻtgan yakka tartibdagi suhbat jarayonida chaqiriluvchilarning siyosiy bilimlari bilan birgalikda maʼrifiy bilimlari ham sinovdan oʻtkazildi.
Ona Vatan – ulugʻ va muqaddas dargoh. Uning buyuk kelajagi va baxtu iqboli uchun jon kuydirish eng oliy saodat boʻlsa, tinchlik-osoyishtaligini saqlash uchun sadoqat bilan xizmat qilish yuksak sharafdir.
Ushbu ezgu niyatni diliga jo qilib, oʻz yigitlik burchini sidqidildan bajarishni oldiga maqsad qilib qoʻygan tumanimizning mard va jasur oʻgʻlonlariga omad yor boʻlishini tilaymiz.
Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligiga hissa qoʻshish, yurtimizga xizmat qilish har bir yigitning burchi va qonuniy majburiyatidir. Shunday ekan, chiqiruv yoshida boʻlgan yigitlarni tuman mudofaa ishlari boʻlimiga kelib, tanlovlarda ishtirok etishga chaqiramiz. Vatan oldidagi oʻz yigitlik burchingizni ado qilish imkoniyatini qoʻlga chiqarmang, aziz yoshlar!
Shu oʻrinda ota-onalarga shuni eslatib oʻtkamizki, belgilangan tartibda harbiy xizmatni oʻtash majburiydir. Chaqiruvga oʻz vaqtida kelmaslik esa javobgarlikka sabab boʻlishini unutmang!
Tuman hokimligining Axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶