AMUDARYo TUMANIDA “YaNGI OʻZBEKISTON — MAʼRIFATLI JAMIYaT” ShIORI OSTIDA “MAʼNAVIYaT FESTIVALI” BOShLANDI
Mamlakatimizning barcha hududlarida “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatli jamiyat!” shiori ostida joriy yilgi “Maʼnaviyat festivali” boshlab yuborildi. Festival doirasida 14 ta hududda 18 ta ijtimoiy loyiha amalga oshirilishi koʻzda tutilgan. Qolaversa, ilm-fan, madaniyat, sanʼat, adabiyot va badiiy ijod kabi soha vakillaridan iborat 500 nafar “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari jalb etilib, eng chekka hududlardagi aholini ham qamrab olish rejalashtirilgan.
15-avgust kuni Amudaryo tumanida ham “Maʼnaviyat festivali” tadbirlari boshlab yuborildi. Daryoboʻyi mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan 21-sonli Bolalar musiqa va sanʼat maktabida festival munosabati bilan tashrif buyurgan Respublikamizning bir guruh taniqli madaniyat va sanʼat xodimlari hudud aholisi bilan davra suhbati oʻtkazishdi.
Tadbirda dastlab mustaqillik sharofati bilan yurtimizda amalga oshirilgan oʻzgarishlar, ulkan bunyodkorlik ishlari, yaratilgan imkoniyatlar va boshqalar xususida soʻz yuritildi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi tegishli farmoni bilan “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi”ni “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi qabul qilindi. Unga koʻra, maʼnaviy-maʼrifiy sohada tayyorlanayotgan materiallarni aholiga zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda tezkor va sifatli yetkazishni taʼminlash, targʻibot-tashviqot ishlarining sifat va samaradorligini oshirish maqsadida har yili anʼanaviy tarzda “Maʼnaviyat festivali”ni yuqori saviyada oʻtkazish belgilandi. Shu kunlarda respublikamizning barcha hududlarida “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatli jamiyat" shiori ostida “Maʼnaviyat festivali” tadbirlari boʻlib oʻtmoqda.
Tumanimizga festival munosabati bilan tashrif buyurgan taniqli sanʼat va madaniyat arboblari – Zulfiya Moʻminova, Madina Toʻxtayeva va boshqalar Daryoboʻyi mahallasi va Uyshin ovullarida boʻlib oʻtgan tadbirlarda ishtirok etib, hududlardagi yoshu-qari bilan dildan suhbat qildilar. Shuningdek, tadbir davomida soʻnggi yillarda milliy maʼnaviyatimizni rivojlantirish, Oʻzbekistonda yangi maʼnaviy makonni yaratish masalasi doimiy eʼtiborda ekanini taʼkidlab oʻtdilar.
Soʻzga chiqqanlar oʻtgan 2021-yil davomida ham “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” gʻoyasi asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasida, jumladan Amudaryo tumanida “Maʼnaviyat festivali” yuqori saviyada oʻtkazilganini, festival doirasida “Maqom kechasi” nomli kontsert dasturida 10 mingdan ortiq aholi qamrab olingani va shu kabi boshqa tadbirlar ham oʻtkazilib, barchaga koʻtarinkilik, bayramona ruh berilganini alohida taʼkidladilar.
Elimizda taniqli boʻlgan shoir va sanʼatkorlar, xonandalar “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” gʻoyasi ostidagi maʼnaviyat festivali tadbirlarda oʻz ijodlaridan namunalar, sheʼrlar, qoʻshiqlar ijro etib, barchaga xush kayfiyat baxsh etdilar.
Shu kuni festival doirasida Mangʻit shahrining Boyovul mahallasi hududida joylashgan tuman Madaniyat boʻlimi binosida “101-reys” filmi namoyish etildi. Namoyishdan oldin mazkur filmning suratga olish jarayoni, ijodiy jamoa haqida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, marhum Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Hoshim Arslonovning yorqin xotirasi yodga olindi.
Ushbu film 4,5-yil davomida ishlangan boʻlib, unda real voqealar koʻrsatib berilgan. Kartina 2001-yil 11-sentyabr kuni AQShning Nyu-York shahrida uyushtirilgan terakt oqibatida “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasiga tegishli Boeing-757 samolyotining 101-reys ekipaji koʻrsatgan qahramonlik haqida hikoya qiladi. Ekipaj aʼzolarining jasorati mohirona ochib berilgan mazkur film barchaga manzur boʻldi.
“Manaviyat festivali” tadbirlari tumanimizning turli hududlarida davom ettirilmoqda.
Ozoda Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶