IShSIZ ALIMENT TOʻLOVChILARNING BANDLIGINI TAʼMINLASh MAQSADIDA MEHNAT YaRMARKASI TAShKIL ETILDI
Majburiy ijro byurosining Amudaryo tuman boʻlimi binosida Byuroning tuman boʻlimi, prokuratura va Bandlikka koʻmaklashish markazi bilan hamkorlikda mehnat yarmarkasi oʻtkazildi.
Shu yil 11-avgust kuni boʻlib oʻtgan ushbu yarmarka ishsiz fuqarolarni ish bilan taʼminlash, shu jumladan, aliment toʻlovchi ishsizlarning bandligini taʼminlab, shu orqali aliment toʻlovlarning muntazamligini taʼminlash va voyaga yetmaganlarga atalgan nafaqalarning undiruvchilarga oyma-oy, uzluksiz toʻlanishiga erishish maqsadida tashkil etildi.
Dastlab Byuroning tuman boʻlimi davlat ijrochilari tomonidan “mahallabay” oʻrganishlar orqali ishsiz aliment toʻlovchilarning muammolari oʻrganildi. Shundan soʻng, ular yarmarkaga taklif etildi.
Taʼkidlash joizki, Majburiy ijro byurosi tuman boʻlimi tomonidan voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, aliment toʻlovchi otalardan farzandlari uchun moddiy taʼminot undirish bilan bir qatorda ularning ish bilan bandligini taʼminlashga ham koʻmaklashib kelinmoqda. Tumanda bu kabi tadbirlar yil boshidan buyon 4 marotaba oʻtkazilgani oʻz samarasini bermoqda va ishsiz aliment toʻlovchilarning bandligi taʼminlanmoqda.
Maʼlumki, joriy yilning 1-mart kuni Davlatimiz rahbari raisligida Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida boʻlib oʻtgan yigʻilishda Majburiy ijro byurosiga bir qator vazifa va topshiriqlar berilgan edi. Unga koʻra, 2022-yil 1-iyuldan Majburiy ijro byurosi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda “Aliment toʻlovlari” davlat maqsadli jamgʻarmasi tashkil etilib, unga Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 50 mlrd. soʻm ajratilish belgilandi.
Yarmarkaga tashrif buyurgan aliment toʻlovchi ishsiz otalarga bu borada Majburiy ijro byurosi tuman boʻlinmasi masʼullari tomonidan batafsil maʼlumotlar berildi. Shuningdek, bundan keyin sud qarori bilan aliment toʻlash majburiyati yuklatilgan shaxslardan belgilangan mablagʻlarni uch oy ichida undirish imkoni boʻlmagan hollarda “Aliment toʻlovlari” davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlaridan aliment toʻlovlari boʻyicha shakllangan qarzdorlikni bir yoʻla toʻlash uchun yoʻnaltirilishi, keyinchalik aliment toʻlash majburiyati yuklatilgan qarzdordan sud qarorisiz majburiy tartibda undirib olinishi tushuntirildi. Undan tashqari, yarmarka ishtirokchilari soha masʼullariga oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, toʻliq javoblarga ega boʻldilar.
Shundan soʻng mehnat yarmarkasiga tashrif buyurgan qarzdor ishsiz otalarga korxona-tashkilotlar tomonidan taklif etilgan vakant oʻrinlari, u yerdagi mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yaratilgan zarur shart-sharoitlar haqida batafsil maʼlumotlar berildi.
Mazkur tadbirda tumandagi 78 tashkilotlardagi jami 282 ta vakant ish oʻrinlari ishtirokchilarga taklif etildi va 25 nafar aliment toʻlovchi qarzdorlarga ishga yoʻllanmalar berildi.
O.Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶