Uyshin mahallasida DXX xodimlari aholi bilan uchrashdi
Joriy yilning 6-may kuni Uyshin madaniyat markazi binosida chegaraga yaqin joylarda istiqomat qiluvchi aholi bilan “Chegara oldi hududlarida harakatlanish va xoʻjalik faoliyati bilan shugʻullanish, diniy ekstremizm va xalqaro terrorizmga qarshi kurashishning asosiy yoʻnalishlari” mavzusida yigʻilish oʻtkazildi. Unda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari ishtirok etib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2021-yil 4-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida chegara zonasi va chegara mintaqasini belgilashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining mazmun mohiyati haqida keng tarzda tushuntirishlar berdilar.
Shuningdek, fuqarolarga diniy ekstremizm, terrorizm, aqidaparastlik, turli diniy oqimlar haqida keng turda maʼlumotlar berildi.
Taʼkidlash joiz, hozirgi kunda muqaddas islom dinimizning asl mazmun-mohiyatini anglab yetish, uni turli xil gʻarazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va boʻhtonlardan himoya qilish, uning asl mohiyatini unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodimizga toʻgʻri tushuntirish, islom madaniyatining ezgu gʻoyalarini keng targʻib etish vazifasi bugun nihoyatda dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Afsuski, baʼzi yurtdoshlarimiz yaqin qoʻshnimiz Afgʻoniston hamda Suriya va Iroq davlatlaridagi notinchliklar guvohi boʻla turib ham aqidaparastlarga aldanib, ularga qoʻshilib qolayotganligi achinarli holat.
Yigʻilishda fuqarolarga bugungi kunda islomni daʼvo qilayotgan, biroq qilayotgan ishlari islomga butunlay begona boʻlgan terrorchilarning asl maqsadi haqida tushuntirishlar berildi.
Ayniqsa, yoshlarning internetdan foydalanish madaniyatini oshirish zarurligi, ota-onalar farzand tarbiyasiga jiddiy qarashi lozimligi taʼkidlandi.
Darhaqiqat, bugungi axborot asrida internet tarmoqlarida islom dinini turli koʻrinishda targʻib qiladigan videolavhalar, maʼruzalar koʻp uchraydi. Ammo ularning hammasiga ham ishonib boʻlmaydi.
Yigʻilish davomida diniy taʼlim olish istagidagi fuqarolarga Toshkentdagi “Imom Buxoriy” islom instituti, Buxorodagi “Mir Arab” oliy madrasasi, Samarqandagi “Imom Buxoriy” xalqaro ilmiy maktabi va bir nechta diniy-ilmiy maktablarda taʼlim olish boʻyicha tavsiyalar berildi.
Mamlakatamizda tinchlik va osoyishtalik hukm surmoqda. Buning asosida yurtboshimiz olib borayotgan oqilona siyosat, kechani kecha, kunduzni kunduz demay xizmatga shay harbiylarimiz, yoshlarimizni Vatanga sadoqatli, insonparvar va bilimli etib tarbiyalash yoʻlida hormay mehnat qilayotgan ustoz va murabbiylarimiz hamda xalqimizning diniy maʼrifatini oshirish, ularni sof islomiy qadriyatlar asosida imon-eʼtiqodli qilib tarbiyalash yoʻlida ulkan xizmat qilayotgan imom-xatiblarimizning xizmatlari mujassamdir.
Shunday ekan, tinchlikdek oliy neʼmatning qadriga yetishimiz, uni asrab-avaylash, ogoh va xushyor boʻlib yashash – har birimiz uchun ham farz, ham qarzdir.
Tuman hokimligining Axborot xizmati

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶