36-SONLI MAKTAB JAMOASI UMUMXALQ XAYRIYa HAShARIDA FAOL IShTIROK ETIShDI
Mamlakatimizning barcha hududlarida hukumat farmoyishiga koʻra 30-aprel kuni “Mahalla obodligi — yurt farovonligi" shiori ostida umumxalq xayriya hashari oʻtkazildi. Zero, xalqimizning azaliy udumlaridan biri sanalgan hashar odamlar orasidagi mehr-oqibat, pokizalik va uyushqoqlik ramzidir. Bugungi kunda xayriya hasharlarini oʻtkazish va shu orqali hududlarni obodonlashtirish ananaga aylangan.
Shu kuni boʻlib oʻtgan xayriya hasharida tuman Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 36-sonli maktab jamoasi ham faol ishtirok etishdi. Koʻtarinki kayfiyatda davom etgan hasharda mehnat qilayotgan ustozlarga oʻquvchilar ham qoʻshilib ketdilar. Maktabda barcha fan oʻqituvchilari, maktab rahbarlari va oʻquvchilar kirib kelayotgan Ramazon hayiti bayrami arafasida umumxalq xayriya hasharini yuqori saviyada oʻtkazishdi.
Hasharda kimdir oʻz mehnati, kimdir saxovati bilan, boshqalar esa oʻzining oltinga teng duo-yu, ezgu tilaklari bilan ishtirok etadi. Ayniqsa, ulugʻ ayyomlar, katta tantanalar oldidan oʻtkaziladigan umumxalq xayriya hasharlarida yetti yoshdan yetmish yoshgacha boʻlgan barcha yurtdoshlarimiz faol ishtirok etishga harakat qiladi.
Oʻzbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondi, Oʻzbekiston faxriylarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash «Nuroniy» jamgʻarmasi, Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tashabbuskor boʻlgan ushbu hasharda maktab hovlisida obodonlashtirish ishlari oʻtkazildi.
Xayriya hashari munosabati bilan mevali va manzarali koʻchatlar ekildi. Maktab sport maydonchasi va atrofi tozalandi. Maktab hududi tozalanib, daraxtlar oqlandi, sinf xonalari ham nazardan chetda qolmadi. Oqova suv keladigan ariq va zovurlardagi chiqindilarni tozalashdi, yoʻlaklar ozoda holga keltirildi.
Maʼlumki, farmoyishda hashar davomida mahallalar, aholi turar joylari, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar, moʻʼtabar maskanlar, bolalar maydonchalari tartibga keltirilishi, obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish ishlari yanada faol olib borilishi bilan birga xayriya doirasida aholining ehtiyojmand qatlamlari yanada faol qoʻllab-quvvatlanish belgilangan. Shunga koʻra maktab jamoasi hududga yaqin ehtiyojmand oilalar xonadonlariga tashrif buyurib, atroflarini obodonlashtirishga koʻmak berdilar.
Maktab atrofi va hovlisini obodonlashtirish uchun hissa qoʻshganligidan barcha xodimlar mamnun boʻldilar. Xayriya tadbiri koʻtarinki ruhda, zavqli davom etdi.
Ozoda Xudoyberganova, 36-sonli maktabning ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶