Amudaryo tumanida fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda
2022-yil “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” deb nomlanganligi bejiz emas. Sababi, mahalla jamiyat jipslashuvida muhim boʻgʻin hisoblanadi.
Maʼlumki, joriy yilning 16-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan fuqarolar yigʻinlari raislarining vakolat muddati tugashi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 105-moddasi hamda “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi va “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi toʻgʻrisida”gi qonunlarning tegishli moddalariga muvofiq fuqarolar yigʻinlari raislarining navbatdagi saylovini shu yilning may oyida oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Maʼlumot uchun aytib oʻtish kerakki, ushbu saylovda mamlakatimiz boʻylab 9 ming 349 nafar fuqarolar yigini raisi saylanadi. Amudaryo tumanidagi 49 ta ovul va mahalla fuqarolar yigʻinida ham saylov jarayonlariga puxta tayyorgarlik koʻrish, saylov jarayonlarini namunali tarzda tashkil qilish ishlari boshlab yuborildi.
5-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining Fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi respublika komissiyasi raisi oʻrinbosari Tolibjon Madumarov, komissiya masʼul kotibi Abdurahmon Boboyev hamda komissiya aʼzosi, senator Botir Matmuratov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyasi raisi Atabek Davletovlar Amudaryo tumanida boʻldi.
Masʼullar dastlab tuman hokimi Sultonboy Yoʻldoshev boshchiligida Qipchoq ovul fuqarolar yigʻinida boʻlib, bu yerda saylovga tayyorgarlik jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, 25-mart kuni Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi sessiyasida saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish yuzasidan dolzarb vazifalar muhokama qilinib, tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va tuman komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.
Qonunda belgilangan muddatlarda barcha fuqarolar yigʻinlarida saylovni tashkil etish va oʻtkazish uchun fuqarolar yigʻini hamda fuqarolar vakillarining yigʻilishi qarori bilan ishchi guruhlar tuzildi. Ushbu ishchi guruhlar “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi toʻgʻrisida”gi Qonun talablaridan kelib chiqib oʻz faoliyatini olib bormoqda.
Ishchi guruhlar tomonidan fuqarolar yigʻinlari kesimida saylov yoshiga toʻlganlarning soni va roʻyxatlari tuzilib, saylov oʻtkaziladigan manzil va binolar belgilab olindi. Respublika koʻmaklashuvchi komissiya raisi Tolibjon Madumarov va boshqa masʼullar saylovga tayyorgarlik ishlarini yuqori saviyada tashkil qilish, saylovchilarga qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, saylovni ochiq va oshkora, shaffof oʻtkazish yuzasidan ahamiyatga molik topshiriq va tavsiyalar berdi.
Shu kunning oʻzida fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi Respublika komissiyasining aʼzosi – senator Botir Matmuratov hamda Vazirlar Kengashi raisi oʻrinbosari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyasi aʼzosi Maryam Ahmedova boshchiligida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil qilish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi tuman komissiyasi aʼzolari, tuman hokimiligi masʼullari ishtirok etdi.
Yigʻilishda boʻlajak saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish bilan bogʻliq dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, yigʻilish davomida bu galgi saylovlar mamlakatimiz rivojlanishining butunlay yangi bosqichida, jumladan, mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch omiliga aylantirish borasidagi muhim islohotlar davrida oʻtkazilayotgani alohida taʼkidlandi. Mahallalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash – Oʻzbekistonni rivojlantirish boʻyicha Taraqqiyot strategiyasining ustuvor yoʻnalishi etib belgilangani esa ushbu muhim ijtimoiy-siyosiy jarayonning ahamiyatini yanada oshiradi.
Shu sababli ham saylov jarayonlarini qonun talablari asosida tashkil qilish va oʻtkazish, fuqarolarning saylovda ishtirok etishga oid konstitutsiyaviy huquqlarini toʻliq roʻyobga chiqarish uchun zarur boʻlgan barcha tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, saylov jarayoniga yoshlar va xotin-qizlarni keng jalb etish, saylov ishtirokchilari qonun talablariga, shu jumladan, oshkoralik, muqobillik hamda teng saylov huquqi tamoyillariga soʻzsiz rioya etishlarini taʼminlash kabi eng muhim masalalar boʻyicha tushuntirishlar berildi. Bu borada saylovni tashkil qilish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi tuman komissiyasining faoliyati alohida ahamiyatga ega boʻlishi qayd qilindi.
Yigʻilishda shuningdek, saylovni tashkil etish hamda oʻtkazishda fuqarolar yigʻinlariga har tomonlama koʻmaklashish, saylovni oʻtkazishda jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash, saylov oʻtkaziladigan joylarda tibbiy xizmat koʻrsatilishini samarali tashkil etish, sanitariya-gigiyena talablari va karantin qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish, shuningdek, saylov jarayonini keng yoritish boʻyicha alohida vazifalar belgilab olindi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶