Toʻlqin ovuli obod qishloqqa aylanadi
Maʼlumki, davlatimiz rahbarining oʻtgan 2021-yilga moʻljallangan Parlamentga Murojaatnomasida mamlakatimiz aholisining demografik oʻzgarishlari va ehtiyojlarini inobatga olgan holda amalga oshirilayotgan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirishga katta eʼtibor qaratildi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini 2022-2026-yillarda amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi qarori qabul qilindi.
Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, joriy yilgi davlat dasturiga Respublikamiz boʻylab 323 ta qishloq, 90 ta mahalla kiritildi.
Jumladan, Amudaryo tumanidagi “Toʻlqin” ovuli va “Ayoqchi” mahallasi ham mazkur dasturga kiritilgan boʻlib, ushbu hududlarda jami 20 mlrd. coʻmdan ortiq qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi.
2-aprel kuni Toʻlqin ovulida “Obod qishloq” dasturi doirasidagi ishlarning boshlanishi munosabati bilan tadbir oʻtkazildi. Unda tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev, hokim oʻrinbosarlari, sektorlar rahbarlari, korxona va tashkilotlar masʼullari hamda ovul faollari ishtirok etdi.
Tadbir davomida tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev miqyosi va mazmun jihatidan nihoyatda keng koʻlamga ega boʻlgan “Obod qishloq” dasturi tufayli aholining yashash sharoiti tubdan yaxshilanayotganini taʼkidladi.
Joriy yilda dastur doirasida Toʻlqin ovulida ham keng koʻlamli qurilishi va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Tuman hokimining oʻrinbosari Nodirbek Kamolov yigʻilganlarga Toʻlqin ovulida dastur doirasida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan keng turda maʼlumotlar berdi.
Taqdimotda keltirilishicha, ovul hududidagi 24-sonli Maktabgacha taʼlim tashkiloti binosi toʻliq rekonstruktsiya qilinib, taʼmirlash ishlariga 1 mlrd 200 mln. soʻm mablagʻ ajratiladi. Bundan tashqari, 4 kilometrdan ziyod uzunlikdagi gaz quvurlari, 19 ta gaz taqsimlash punktlari taʼmirlanib, mazkur ishlarga salkam 7 yarim mln. soʻm pul mablagʻlari sarflanadi.
Undan tashqari, ovulning ichimlik suvi tanqis boʻlgan hududlariga ichimlik suvi tarmoqlarini tortiladi. Shuningdek, eskirib qolgan yaroqsiz simyogʻochlar oʻrniga yangi simyogʻochlar oʻrnatiladi. Qolaversa, ichki yoʻllarda ham taʼmirlash ishlari olib boriladi. Dastur boʻyicha amalga oshiriladigan vazifalarga kerakli kuch-vositalar, shuningdek zarur texnikalar toʻliq jalb etiladi.
Taqdimot nihoyasiga yetgach, tuman hokimi, hokim oʻrinbosarlari va tegishli tashkilot masʼullari “Yashil makon” aktsiyasi doirasida Toʻlqin ovul fuqarolar yigʻini binosi oldida barpo etilayotgan yashil maydonga mevali va manzarali daraxt koʻchatlarini ekishdi.
Ovul nuroniylari “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan Toʻlqin ovulining yanada obod va koʻrkam boʻlishida ekilgan har bir nihol katta ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar.
Bugun yurtimizda, xususan tumanimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan koʻzlangan asosiy maqsad – aholining farovon turmush kechirishi uchun munosib sharoitlar yaratishdan iborat. Zero, davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, odamlar yurtimizda kechayotgan islohotlarni yaqin kelajakda emas, bugun real hayotida his etib yashashlari darkordir.
Tuman hokimligining Axborot xizmati

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶