HUDUDLARDA JINOYaTChILIK VA HUQUQBUZARLIKLARNING OLDINI OLIShGA QARATILGAN NAZORAT TADBIRLARI OʻTKAZILMOQDA
Mahalla – osuda xonadonim, oltin ostonam, deb bejiz aytishmagan. Chunki mahalla hududidagi barqaror turmush tarzi, oilalarning mustahkamligi, mahalla ahlining oʻzaro mehr-oqibati, intizomi nafaqat koʻngillarga, balki har bir xonadonga fayz-tarovat, osudalik bagʻishlaydi. Shu bois, mamlakatimizda har bitta xonadonning, har bir fuqaroning tinchligini, mahallalar osoyishtaligini saqlashga alohida eʼtibor qaratiladi. Deyarli har bir ovul va mahallada faoliyat olib boruvchi profilaktika inspektorlari xalq osoyishtaligini saqlash borasida kecha-yu kunduz aniq va puxta reja asosida ish yuritadilar.
Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2022-yil 30-mart sanasidagi farmoyishi ham ovul va mahallalarda, jamoat joylarida jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Mazkur farmoyish ijrosini taʼminlash maqsadida Amudaryo tumani hududida, yaʼni jamoat joylarida, serqatnov koʻchalar hamda taʼlim-tarbiya muassasalari joylashgan hududlarda mayda bezorilik, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga bagʻishlangan nazorat tadbiri oʻtkazildi.
Nazorat tadbiri Amudaryo tuman prokurori Aziz Roʻzmetov hamda Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi Ulugʻbek Xudoyberganovlar rahbarligida tashkil etilib, tadbirga tuman Ichki ishlar boʻlimi xodimlari, qoʻriqlash boʻlimi hamda ovul va mahalla fuqarolar yigʻinlarida faoliyat olib boruvchi yoshlar yetakchilari jalb etildi.
Avvalo, tadbir ishtirokchilari Amudaryo tuman prokurori va Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi hamkorligida ishlab chiqilgan nazorat tadbirini oʻtkazish boʻyicha yoʻriqnoma bilan tanishtirilib, ularga zarur tushuncha va tavsiyalar berildi. Shundan soʻng, nazorat tadbiri ishtirokchilari Amudaryo tumanining toʻrtta hududi boʻylab, oʻzlariga birkitilgan yoʻnalishlar boʻyicha jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan kuzatuv-nazorat ishlarini boshlab yubordilar.
Olib borilgan kuzatuv-nazorat tadbirlari jarayonida koʻchalarda bemaqsad, spirtli ichimlik ichib, oʻziga va atrofidagilarga noqulaylik tugʻdirib yurgan 4 nafar fuqarolar qonuniy tartibda Ichki ishlar boʻlimiga olib kelinib, ular bilan yakka tartibda profilaktik suhbatlar oʻtkazildi. Bemahalda, spirtli ichimlik ichib yurish oʻzlari va oila aʼzolari uchun, hatto begonalar uchun ham jiddiy muammolar keltirish, xususida tushunchalar berildi.
Shuningdek, kuzatuv-nazorat tadbirlari jarayonida spirtli ichimlik taʼsirida mast boʻlib, avtotransport vositasini boshqarib borayotgan yana bir fuqaro toʻxtatilib, sodir boʻlish ehtimoli yuqori boʻlgan yoʻl avtotransport hodisasining oldi olindi va mast holatda mashina boshqargan shaxs tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, uning tasarrufidagi avtomashina vaqtinchalik jarima maydonchasiga qoʻyildi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, Amudaryo tumanida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda tegishli davlat organlari va masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikda har bir ovul va mahalla fuqarolar yigʻinlarida doimiy ravishda profilaktik targʻibot tadbirlari tashkil etilib, mazkur tadbirlarda oʻquvchi-yoshlar, keksa yoshdagi otaxon va onaxonlar, yosh ota-onalarning faol ishtiroki taʼminlanmoqda. Chunki jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni muhokama etishdan koʻra, bu kabi koʻngilsiz holatlarning oldini olishga qaratilgan huquqiy-tarbiyaviy shakldagi tadbirlar muhim ahamiyatga ega.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶