SEN SUYuKLISAN, MUQADDASSAN, MOʻʼTABAR AYoL!
Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning turli soha va tarmoqlarda oʻz qobiliyat va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishi uchun sharoit yaratish, qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, qoʻllab-quvvatlash, oila institutini mustahkamlash borasida koʻlamdor ishlar amalga oshirilmoqda.
Jamiyat hayotida faollik va tashabbuskorlik koʻrsatgan, oʻzlarining samarali mehnatlari bilan oilalarning shakllanishiga, farovonligi oshishiga munosib hissa qoʻshayotgan ayollar “Moʻʼtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanmoqda, barcha jabhalarda fidoyilik qilayotgan ayollarning mehnati munosib baholanmoqda. Shuningdek, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish, qoʻllab-quvvatlashga eʼtibor qaratilayotir.
Har yili mamlakatimizda fasllar sarvinozi – koʻklamning ilk kunida oʻzbek xalqining ardoqli qizi, taniqli shoira Zulfiyaxonim tavalludiga bagʻishlangan tadbirlar 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayramiga ulanib ketadi.
Ayol! Uning taʼrifiga soʻz mulki ojiz. U avvalo farzandlarini mehri ardogʻida avaylab, yurt koriga yaraydigan qilib voyaga yetkazuvchi fidoyi ona, el-yurtimiz tinchligi-totuvligi uchun, farovonligi uchun kurashuvchi matonatli inson, oilalarni va demakki, koʻngillarni nurafshon etuvchi muqaddas zot! Shu boisdan ular doimo davlatimiz gʻamxoʻrligida, eʼzozida.
Shu yilning 7-mart kuni tumanimiz faol ayollari uchun tashkillashtirilgan bayram tadbiri ham “Muqaddas ayol” deb nomlandi.
Mangʻit shahridagi “Xon” restoranida boʻlib oʻtgan adabiy-musiqiy tadbirda tumanimizdagi turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan ayollar, oʻz hayotiy tajribasi asosida yoshlar tarbiyasiga, oilalar mustahkamligiga munosib hissa qoʻshayotgan nuroniy onaxonlar, umidli, iqtidorli qizlar ishtirok etdilar.
Yigʻilganlarni tuman hokimi S.Yoʻldashev 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan qizgʻin tabrikladi va mehnatda oʻrnak koʻrsatayotgan, shuningdek, turli sohalarda ishlab, ayni kunda keksalik nafaqasiga chiqqan 120 nafar faxriylarni qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirladi. Tuman hokimi bugungidek ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda ayol-qizlarning roli ulkan boʻlayotganini faxr bilan eʼtirof etdi va ularga uzoq umr, baxt-saodat tiladi.
Tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻining birinchi oʻrinbosari G.Sobirova va "Moʻʼtabar ayol" koʻkrak nishoni sohibasi Rohatoy Reyimovalar tabrigidan soʻng, navbat tuman Madaniyat boʻlimiga qarashli muassasalar sanʼatkorlariga berildi.
Tuman hokimligi va Madaniyat boʻlimi hamkorligida tashkillashtirilgan tadbirda faol ayol-qizlar toʻkin dasturxon atrofida diltortar qoʻshiqlar tinglab, raqslar tomosha qilib, hordiq chiqardilar. Ayol muqaddasligini, fidoyiligi, matonati va mehri ummonligini madh etuvchi sheʼrlar, qoʻshiqlar ularga juda manzur boʻldi. “Uchqun” ashula va raqs xalq ansambli xonandalari ijrosidagi “Bahor valsi” qoʻshigʻi ularning koʻngillariga uygʻonish, jonlanish fasli quvonchini, tarovatini hadya etdi. Bayramga tashrif buyurgan ayol-qizlar ushbu bayramona musiqiy dasturni tomosha qilib, har bir inson koʻnglida ulugʻ zot – Onalarga yuksak hurmat, ehtirom joy olganligini his qildilar.
“Muqaddas ayol” deb nomlangan musiqiy dastur tomoshasi va oʻzlariga koʻrsatilayotgan hurmat barcha ishtirokchilarga olam-olam quvonch va faxr hadya etdi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶