AYoLLAR HAFTALIGI MUNOSABATI BILAN Z.M.BOBUR NOMLI OFYDA BAYRAMONA TADBIR OʻTKAZILIB, FAOL AYoLLAR ShARAFLANDI
Barcha zamonlarda va barcha jamiyatlarda aziz va muhtarama ayol-qizlarga nisbatan alohida mehr-muhabbat, hurmat va ehtirom koʻrsatilgan. Yerda hayot bardavomligini, avlodlar salomatligi, nasliy uzviyligini taʼminlovchi ilohiy xilqat sifatida eʼzozlangan. Mangu va betakror gullash fasli – bahorday mehnatkashligi bilan hayotning turfa chigalliklari qarshisida Matonat va Jasorat timsoli sifatida qadrlanguvchi Ayollarga eʼtibor masalasi mustaqil mamlakatimizda davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani ham bejizga emas.
8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida, davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoyev raisligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida Oʻzbekiston xotin-qizlarining ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va maʼnaviy faolligini oshirish, ularning hayotdan rozi yashashlari uchun zarur barcha sharoitlarni yaratish maqsadida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan yangi tashabbuslar Ayolga, oilaga eʼtibor va ragʻbatning yaqqol ifodasi boʻldi.
Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan “Oila va xotin-qizlar ishlari qoʻmitasi” va uning joylardagi boshqarmalari, barcha mahallalarda oila va xotin-qizlar qoʻmitasi faollari lavozimi tashkil etilishi xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini yanada yuksaltirishga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻldi. Bu borada butun mamlakatimiz boʻylab, xususan, Amudaryo tumanida ham amaliy ishlar boshlab yuborildi.
8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami arafasida Ayollar haftaligi munosabati bilan “Ayollarni eʼzozlang!” shiori ostida tashkillashtirilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar har bir mahallaga kirib bordi va aziz ayollar uchun betakror quvonchlar hadya etdi.
Bahorning ilk kunlaridan birida Bobur nomli ovul fuqarolar yigʻinida boʻlib oʻtgan bayramoldi tadbirida Oq oltin, Bobur nomli, Kuyuk koʻpir, Xitoy ovullari hamda Jumur ovul, Qizilcholi, Namuna va Toryop mahalla fuqarolar yigʻinlari faol ayol-qizlari mehmon boʻldilar.
“Ayollarni eʼzozlang!” bayramona tadbirini Bobur nomli ovul fuqarolar yigʻini raisi Gulbahor Reyimova ochdi va tadbir mehmonlari boʻlgan aziz ayol-qizlarni 8-mart – Xalqaro xotin-qizlari kuni munosabati bilan tabrikladi.
Tadbir davomida Amudaryo tuman mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Goʻzal Soburova, Respublika Reabilitatsiya va moslashtirish markazi Amudaryo tuman boʻlinmasi ijrochi direktori Gavhar Chimbaychiyevalar ham soʻzga chiqishib, tadbir ishtirokchilarini yaqinlashib, kelayotgan bahor bayramlari bilan samimiy tabrikladilar.
Shundan soʻng, Amudaryo tuman Madaniyat markazi sanʼatkorlari tomonidan tayyorlangan bayramona kontsert dasturi namoyish etildi. Ayolni, Onani, vatanparvarlik va insonparvarlikni, millatlararo doʻstlik va totuvlik, bebaho milliy-maʼnaviy qadriyatlarimizni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar, raqslar ijrosidan koʻngillar yuksaldi.
Ayniqsa, 26-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchilari – jajji bolajonlarning chiqishlari tadbir ishtirokchilariga zavq-shavq bagʻishladi. Qizilcholi mahallasi faoli Malikaxon Yoʻldoshova talqinidagi Ayollarni, bahor goʻzalligini sharaflovchi sheʼriy tabrik qalblarda bahoriy kayfiyat uygʻotdi.
Tadbir davomida barcha ishtirokchilar tuman Madaniyat markazi sanʼatkorlari tomonidan ijro etilgan dilrabo, joʻshqin ashulalarga monand raqsga tushdilar, bir-birlariga samimiy tilaklarini bildirdilar.
Tadbir yakunida tashkilotchilar tomonidan bir guruh faol ayol-qizlarga bayram sovgʻalari berildi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶