TUMAN IChKI IShLAR BOʻLIMI BOShLIGʻI SEKTOR HUDUDIDA YoShLAR BILAN UChRAShDI
4-fevral kuni Amudaryo tumanining Kuyuk-koʻpir ovul fuqarolar yigʻini binosida 3-sektor rahbari, tuman Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi Ulugʻbek Xudoyberganov, Xalq qabulxonasi tuman boʻlimi mudiri Erkin Rajapov hamda tumanda faoliyat yuritayotgan muassasa, tashkilot vakillari va yoshlar ishtirokida navbatdagi sayyor qabul oʻtkazildi.
Bugungi kunda Kuyuk-koʻpir ovulida yashovchi aholining 1 ming 417 nafarini yoshlar tashkil qiladi. Oʻtkazilgan mazkur uchrashuvda Ulugʻbek Xudoyberganov tuman hududida voyaga yetmagan va yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning oqibatlari, jinoyatlar sodir etilishiga imkon bergan omillar xususida gapirib, voyaga yetmagan va yoshlar jinoyatchiligiga qarshi kurashish, bu toifa shaxslar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasida mahalla raislarining huquq-tartibot boʻyicha oʻrinbosarlari va boshqa hamkor idoralar masʼullari bilan birgalikda profilaktik ishlarni yanada kuchaytirish yuzasidan yoshlarga oʻzining taklif hamda tavsiyalarini, mutasaddilarga topshiriq va koʻrsatmalarini berdi.
Shuningdek, yoshlarni maʼdaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga jalb etish, maʼnaviyatini yuksaltirish bugungi kundagi dolzarb vazifa ekanligini, bunda yoshlarning tashabbuslari har tomonlama qoʻllab-quvvatlanib, ularga barcha zarur tavsiya va amaliy yordamlar berilishini bildirib oʻtdi.
Ochiq va samimiy tarzda oʻtgan uchrashuvda sektor rahbari va sohaviy muassasa, tashkilot masʼullari tomonidan yoshlarni qiynab kelayotgan muammo va takliflar tinglandi va atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda yoshlar tomonidan turli masalalardagi murojaat va takliflar kelib tushdi. Murojaatlar asosan bandlik, imtiyozli kredit olish, toʻlov-kontraktining bir qismi toʻlab berilishi, ye-auksion tizimi orqali yer olish shartlari kabi masalalarda boʻldi.
Takliflarda Kyyuk-koʻpir ovuli hududida maktabgacha taʼlim muassasasi tashkil etilishi zarurligi qayd etib oʻtildi. Sektor rahbari Ulugʻbek Xudoyberganov murojaatlar va takliflar yuzasidan idora mutasaddilariga aniq va manzilli topshiriqlar berib, ijrosi alohida nazoratga olinishi maʼlum qildi.
Tuman Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajapov yoshlarni qiynayotgan murojaat va takliflar hech qachon javobsiz qolmasligini, imkon qadar ijobiy yechim topishini aytib oʻtdi.
Sektor rahbari yoshlarga oid har qanday muammo hal qilinishida mahalladagi yoshlar yetakchilari tashabbuskor va faol boʻlishlari lozimligini, ular oʻzlari biriktirilgan mahallalardagi har bir yigit-qizning vakili boʻlishini taʼkidladi.
Bundan tashqari, yurtimizdan koʻplab fidoiylar yetishib chiqqanligini eslatib, ularga munosib avlod boʻlishga barcha yoshlarni daʼvat qildi.
Yoshlar ishtirokida oʻtkazilgan mazkur uchrashuv samimiy va koʻtarinki ruhda boʻlib oʻtdi. Ayni kunlarda tumanimizda sektor rahbarlari tomonidan oʻtkazilayotgan sayyor qabullar orqali yoshlar oʻz muammo va takliflarini hukumat rahbarlariga hech qanday toʻsiqlarsiz yetkazib ijobiy javoblar olishmoqda.
Bunday sayyor qabullar orqali yoshlarning davlat idoralariga boʻlgan ishonchi yanada ortmoqda va mustahkamlanmoqda deyishimiz mumkin.
Tuman hokimligining axborot xizmati

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶