Grant loyihasi doirasida 43-sonli MTTda musobaqa oʻtkazildi
Amudaryo tumanining ijtimoiy-siyosiy va ommabop gazetasi – “Taraqqiyot koʻzgusi” nashrida aholini sogʻlom turmush kechirishga ragʻbatlantirish, sogʻlom yashash afzalliklarini targʻib etish va salomatlik asosi boʻlgan jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishga jalb etishga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.
Tahririyat Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi taʼsis etgan grant tanlovlarida bir necha marta ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalari bilan qatnashib, gʻolib boʻlib, loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda. Tahririyatning fondga taqdim etgan “Sogʻlom turmush tarzi – farovon hayot asosi” nomli loyihasi navbatdagi grant tanlovida gʻolib boʻldi. 2021-yilning dekabr oyidan loyihani amalga oshirish boshlandi.
Yaqinda loyihada koʻzda tutilgan tadbirlardan biri – bolajonlarni sportga oshno qilish maqsadida tuman jismoniy tarbiya va sport boʻlimi bilan hamkorlikda Mangʻit shaharidagi 43-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyalanuvchi bolajonlar oʻrtasida “Kim epchil, kim chaqqon” deb nomlangan “Quvnoq startlar” musobaqasi oʻtkazildi.
Musobaqada ushbu tashkilotda tarbiyalanayotgan epchil, chaqqon va ziyrak 8 nafar kichkintoylardan tashkil topgan “Quyoshjon” va “Kamalak” jamoalari oʻzaro bahslashdilar.
Musobaqadan oʻrin olgan yugurish, sharlarni yorish, basketbol toʻpini toʻrga tushirish, ilonizi boʻlib yurish va qopda yurish boʻyicha bellashuvlarda kichkintoylar oʻzlarining bor kuch-gʻayratini va mahoratini ishga solishga harakat qildilar. Ushbu shartlarning bajarilishini tajribali tarbiyachilar va tuman Maktabgacha taʼlim boʻlimi xodimi Nodira Tojimurodovalar odilona baholab bordilar.
Prezidentimiz ilgari surgan beshta muhim tashabbusning ikkinchi yoʻnalishi ijrosiga qaratilgan sport bellashuvi qizgʻin bahs va murosasiz kurashlar ostida oʻtdi. Tengdoshlarining, tarbiyachi opalarining qoʻllab-quvvatlashlari, qarsaklar bilan olqishlab turishlari har ikkala jamoa vakillarini ham gʻoliblik uchun astoydil intilishga ruhlantirdi.
Musobaqa jarayonida shu jajji, murgʻak bolalar qalbida ham hech kimdan orqada qolmaslik, kam boʻlmaslikka astoydil harakat qilish hissi yaqqol namoyon boʻldi.
Musobaqa yakunida bolajonlarning ishtiroki shartlarni bajarishdagi aniq harakat qilishi, epchilligi, chaqqonligi inobatga olingan holda baholandi va ragʻbatlantirildi.
“Sogʻlom turmush tarzi – farovon hayot asosi” nomli grant loyihasi doirasida oʻtkazilgan musobaqa maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyalanayotgan barcha bolajonlar qalbida ham sport bilan shugʻullanishga ishtiyoq uygʻotdi.
Albatta, aholi ayniqsa, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush targʻibotini boʻyicha jismoniy faol boʻlishga, bolalarni kichkinaligidan sportga oshno qilishga daʼvat etuvchi buningdek tadbirlar kelgusida oʻzining ijobiy samaralarini beradi, sogʻlom turmush asosi hisoblanmiz jismoniy tarbiya va sportning ommalashuvida muhim rol oʻynaydi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶